20:56 / 24.05.2017
5740

Abdulaziz Komilov BAA vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, vazirlar diqqati markazida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomon aloqalarini yanada rivojlantirishning istiqbollari bo‘ldi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqa kun tartibi masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari 2017 yil 21 mayda Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti hamda 2016 yil 18-19 oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi yakunlarini yuqori baholadilar. Ushbu tadbirlarda ekstremizm va terrorizmga qarshi turishni kuchaytirish, bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan edi.

Ta'kidlanganidek, Toshkent forumida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif qilingan ma'rifat va ta'lim xalqlar farovonligining asosiy faktorlaridan biri ekanligi va insonlarda ezgu ishlar, yaxshiliklarga intilishni mustahkamlashi to‘g‘risidagi tezis Saudiya Arabistoni poytaxtidagi davlat va hukumat rahbarlari, 50dan ortiq davlatlar, qator yetakchi xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari ishtirok etgan uchrashuvda ham o‘z tasdig‘ini topdi.

Suhbat chog‘ida tomonlarning turli darajadagi bo‘lajak O‘zbekiston-Amirliklar uchrashuvlari jadvaliga doir takliflari ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra vazirlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida madaniy hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

Suhbatda BAA elchisi Mohammed Hareb Almehairbi ishtirok etdi.

Top