20:15 / 24.05.2017
7734

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yangicha yondashilmoqda

Bugun hududlarni rivojlantirishda mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki boshqacha aytganda, barcha bo‘g‘indagi hokimliklarning mas'uliyati tobora ortib borayapti. Bu esa, o‘z-o‘zidan ularning zimmasiga yangidan-yangi vazifalarni ­yuklamoqda. Ammo amaldagi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunda mazkur ­vazifalar to‘liq aks etmagan.

Shu bois ushbu Qonunni yangi tahrirda qabul qilish zarurati tug‘ildi. O‘zbe­kiston Respublikasini ­rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va ­inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid ­Davlat dasturida ­tegishli qonun loyihasini ishlab ­chiqish ko‘zda ­tutilgan.

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun 1993 yilda qabul qilingan bo‘lib, ekspertlar fikricha, o‘tgan davrda davlat hokimiyati organlari faoliyati qonunchiligida ham, tashkiliy-amaliy jihatlarida ham tub o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz berdi, mazkur tizim hamda ularning ­tuzilmasi modernizatsiya qilindi. Bugungi kunda 
59 ta mahalliy davlat ­boshqaruvi organi fao­liyatiga “Elektron hukumat” tizimi va boshqaruvning ­boshqa ilg‘or mexanizmlari keng joriy etilmoqda.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ­ta'minlash, ijtimoiy sheriklik, markazda hamda joylarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy ­hujjatlar, davlat va hududiy dasturlarini ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokining tashkiliy-huquqiy asoslari shakllantirildi. Ijro ­hokimiyatining vakillik organlari oldida hisobdorligi tamoyili Konstitutsiya hamda qonunlarda mustahkamlab qo‘yildi. Siyosiy ­islohotlar bilan bir qatorda, ­ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bugungi davr davlatimiz oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bu o‘zgarishlar, shubhasiz, mahalliy davlat hokimiyati organlari to‘g‘risidagi qonunchilikda ham o‘z aksini topishi lozim.

Qonunning yangi tahriri, avvalambor, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini amalda ular bajarayotgan vazifalar ­bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan. Unda, shuningdek, hozirgi vaqtda markazdagi davlat boshqaruvi ­vakolatlarini hududlarga berish siyosati olib borilayotganini inobatga olgan holda, mahalliy davlat ­hokimiyati organlari faoliyat ­yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi. Ayni paytda qonun darajasida hokimlar, xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, vazirlik va idoralarning asosiy vazifa hamda ­vakolatlarini chegaralab qo‘yishga ­alohida e'tibor qaratiladi.

Taklif qilinayotgan qonun loyihasida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan foydalanishning davlat boshqaruvi, mahalliy byudjyet masalalari aks etgan. Hokimning boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari, shu jumladan, moliyaviy-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, xo‘jalik boshqaruvi hamda jamoatchilik nazorati sub'yektlari bilan munosabatlari tartibga solinayotgani ushbu hujjatning muhim ­yangiliklaridan biri hisoblanadi.

Hozirgi paytda hokimliklarning asosiy vazifa va vakolatlari Konstitutsiya­mizda, yuzdan ortiq qonunlarimizda, ikki yuzdan ziyod qonunosti hujjatlarida, qolaversa, hukumatimiz hujjatlarida belgilab berilgan. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunda esa ular to‘liq o‘z ifodasini topmagan. Unda, shuningdek, markaziy hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari ­vakolatlari qonun darajasida ­chegaralanmagan. Qonunning yangi ­tahriri loyihasida ushbu bo‘shliq to‘ldirilayapti.

Bugun hududlarning mustaqilligini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi. Shu sababli qonun loyihasi ijodkorlari hududlarni rivojlantirish strategiyasini va tegishli kompleks dasturlarni ishlab chiqishga yagona yondashuvning yo‘qligiga e'tibor qaratishdi. Bunday strategiya qonuniy maqomga ega bo‘lmaydi hamda mahalliy byudjyetga bog‘lanmagan bo‘ladi. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishli ­strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Qonunning amaldagi ­tahririda, o‘z navbatida, mahalliy davlat hokimiyati organlari fao­liyatining iqtisodiy asoslari ochib berilmagan.

Shu bois qonun loyihasini mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining iqtisodiy asoslari batafsil ochib beriladigan modda bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, viloyat, tuman va shaharlar hokimlari vakolatlari yanada aniq belgilanadi.

Hozirgi paytda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari o‘z shtat xodimlariga, moliyalashtirish manbalariga hamda moddiy-texnika bazasiga ega emas. Natijada mahalliy Kengashlar faoliyati hudud rahbarlari va hokimiyatlar xodimlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu esa ular tomonidan ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish, hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda o‘z vakolatlaridan unumli foydalanishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham qonun loyihasida Kengash va uning institutlari samarali faoliyatini ta'minlashning mexanizmlari belgilab qo‘yilmoqda.

Amaldagi Qonunning 1-moddasiga ko‘ra, viloyat, tuman, shahar hokimi viloyat, tuman hamda shaharning oliy mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi ­vakillik va ijroiya hokimiyatini bosh­qaradi. Ammo bir shaxs ushbu vazifalarni bajarishi ijro hokimiyati organlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldidagi hisobdorligi masalalarini hal etishni mantiqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladi. Shu sababli ham qonun loyihasida ushbu qoidani hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish ­taklif ­etilayapti.

Bugun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunda ijtimoiy sheriklik mexanizmidan unumli foydalanish muhim o‘rin tutadi. Qonunning yangi tahriri loyihasida ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda xususiy sektor vakillarining hududlarni ijti­moiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi, byudjyetni rejalashtirish, bosh reja singari dolzarb masalalarni ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirishga jalb etishning majburiy mexanizmini aniq ­belgilab olish zarur.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan parlament, davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari amaliyotiga nazorat-tahlil faoliyatining xalq bilan samarali muloqotga asoslangan yangi shakli joriy qilindi. Parlament a'zolari muayyan tuman misolida joylardagi haqiqiy ahvol, qonunlar, dasturlar ijrosini o‘rganmoqda. Uning natijalari esa mahalliy Kengashlar sessiyalarida keng jamoatchilik ishtirokida tahlil etilayapti, mavjud muammolar yechimi yuzasidan aniq qarorlar qabul qilinmoqda va ularning ijrosi nazoratga olinayotir. Joylarda so‘nggi to‘rt oy davomida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan ushbu ­amaliyot uni qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish zaruratini kun tartibiga olib chiqayapti.

Qonun loyihasida, shuningdek, jismoniy hamda yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tizimidagi yangiliklar, ushbu sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, Prezidentimiz tomonidan mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining islohotlar natijadorligi va samaradorligi uchun shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha belgilab ­berilgan vazifalar aks etishi ayni muddaodir.

O‘tkir BO‘TAYeV,
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi 
Qonunchilik palatasi deputati.

Top