2017 yil 5 mayda Shavkat Mirziyoyevning «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Shundan so‘ng oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish istagida yurgan abituriyentlar orasida turli shov-shuvli gaplar tarqadi. Emishki, test imtihonlarida «yiqilgan», ammo 68 dan yuqori ball to‘plagan abituriyent agar kontrakt pulining oshirilgan miqdorini to‘lashga rozi bo‘lsa, talabalar safiga qo‘shiladi...

Bu gaplar nechog‘li asosli ekaniga oydinlik kiritish maqsadida «Oila davrasida» muxbiri G‘ulomjon Mirahmedov O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kadrlar tayyorlash va oliy ta'lim muassasalarini metodik ta'minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Barno Rajabov bilan suhbatlashdi.

— Prezidentimizning 2017 yil 5 mayda imzolangan qarorida iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojni qondirish maqsadida oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash kabi vazifalar keltirilgan. Bu o‘sha hududdan o‘qishga kirish uchun kelgan abituriyentga OO‘Yu tomonidan biror bir imtiyoz ajratilishini anglatadimi? Abituriyent kerakli ballni to‘play olmasa ham o‘z hududiga borib ishlash sharti bilan o‘qishga qabul qilinadimi?

— Maqsadli qabul asosan, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari uchun rejalashtirilgan. Ular shu yildan boshlab, maqsadli qabulni amalga oshiradi. Maqsadli qabul bu — muayyan oliy ta'lim muassasasiga Prezidentimizning 2017 yil 5 mayda imzolagan qarorida belgilangan viloyatlarga davlat granti bo‘yicha ajratilgan kvotalarni nazarda tutadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi oliy ta'lim muassasalari imkoniyatlaridan kelib chiqib, viloyatlardan kelgan abituriyentlarni Davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish ko‘rsatkichlarini belgilaydi. Mazkur tanlovda ishtirok etib, o‘qishga tavsiya etilganlarga belgilangan viloyatda va joyda ishlab berish sharti qo‘yiladi.

Aslida buni imtiyoz deyish biroz noto‘g‘ri. Chunki bu tartib-qoida o‘sha hududlardagi tibbiyot xodimlariga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Maqsadli qabul orqali o‘qishga kirgan abituriyent oliygohni bitirgach, o‘z hududida Davlat komissiyasining alohida qarori bilan belgilanadigan va shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, masalan, uch-besh yilgacha ishlab beradi. Bordi-yu, u shartnomada belgilangan shartlar bo‘yicha ishlashdan bosh tortsa, yuborilgan joyda ishlashni istamasa, buning sabablari o‘rganilib, shartnomada belgilangan tartibda ish ko‘riladi.