14:01 / 25.05.2017
9379

Toshkentda savdo majmuasini firibgarlik yo‘li bilan egallab olgan shaxs aniqlandi

Samir Abduxalilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam sodir etgan qilmishidan xulosa chiqarish o‘rniga yana jinoyatga qo‘l urdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

U mo‘may pul ishlab olish ilinjida tanishi Muhsin Olimovni hol-joniga qo‘ymasdan, 2013 yilning yanvar oylarida uning kuyovi Oybek Rustamovga tegishli bo‘lgan “Savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi”ni olib, uni ishlatishni maslahat beradi. Jinoiy rejasini amalga oshirish uchun esa yana bir “mahorati”ni ishga soladi. Ya'ni u Muhsinga bankdan kredit olib berishni va'da qiladi. Samir ana shu bahonada majmuaning hujjatlarini qo‘lga kiritadi va tanishi Muhsinga turli hiylalar ishlatib, ushbu joyni nomiga rasmiylashtirib oladi. Majmuaning egasiga esa bino uchun 485 ming AQSh dollari berishni va'da qiladi. Firibgarlik yo‘li bilan binoni egallab olgan bu kimsa, kredit ham olmaydi, kelishilgan pulni ham to‘lamay yuraveradi. Afsuslanarlisi, oradan bir qancha vaqt o‘tgach, S.Abduxalilov mazkur binoni fuqarolar Shokir Azizov va Muxtor Ismoilovga sotadi va pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Firibgarning yolg‘onlariga chuv tushganini anglagan Muhsin Olimov mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qildi. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, Samir Abduxalilovga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top