16:58 / 25.05.2017
5587

O‘zbekiston-Turkiya hamkorligidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi

Foto: "Kun"

Bugun Toshkent shahridagi Uzexpo markazida  O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha IV Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov va Turkiya bosh vazir o‘rinbosari Yildirim Tugrul Turkesh raisligi ostida o‘tdi.

Yig‘ilish davomida ikki mamlakat vakillari bugunga qadar erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar haqida so‘zlashdi. Xususan, savdo sohasida tomonlar yaqin yillar ichida ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga kelishib olishdi.

Uzoq muddatli va o‘zaro foydali sarmoyaviy hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Xususan, sohadagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu eng avvalo, elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, poyabzal, farmotsevtika mahsulotlari, zamonaviy qurilish materiallari, xalq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqarishga doir loyihalarni yetakchi turk kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirishdir.

Yana bir usutvor yo‘nalishlardan biri turizm sohasidir. O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida zamonaviy mehmonxona komplekslarini qurish, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, turizm sohasida malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishildi. 

Ta'kidlash joizki, bunga qadar Komissiyaning uch yig‘ilishi o‘tkazilgan, eng so‘nggisi 2008 yilda Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan. Turkiya O‘zbekistonning muhim va yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,2 milliard dollarni tashkil qilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda turk kapitali ishtrokidagi 441 korxona, shu jumladan 100 foiz turk kapitaliga asoslangan 94 korxona faoliyat yuritmoqda. 

Top