12:05 / 26.05.2017
10851

200 million funt! Mourino katta transferlarga tayyorlanmoqda

Foto: Reuters

Yozgi transferlar vaqtida «Manchester Yunayted» 200 million funt sarflab, 4 nafar yulduz futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda The Times xabar tarqatdi.

Yevropa Ligasidagi g‘alabadan keyin jamoa bosh murabbiyi Joze Mourino keyingi mavsumda Chempionlar ligasi va premer-ligada chempion bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Shu maqsadni amalga oshirish uchun portugaliyalik murabbiy jamoa tarkibini 4 nafar yangi futbolchi bilan to‘ldirmoqchi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Mourino klub boshqaruv raisi Ed Vudvordga himoyachi, hujumkor yarim himoyachi va Zlatan Ibrahimovich o‘rniga «to‘qqizlik» hujumchi kerakligi haqida aytgan.

Manchesterga kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida «Byornli» himoyachisi, klub tarbiyalanuvchisi Maykl Kin, «Tottenhem» yarim himoyachisi Erik Dayyer va «Atletiko» hujumchisi Antuan Grizmann nomlari bor. «Torino» hujumchisi Andrea Belotti ham manchesterliklarning qiziqishlari doirasida, ammo uning transfer narxi (100 million yevro) qimmatlik qilishi mumkin.

Top