12:27 / 26.05.2017
17075

«Farzandlarimizning qalbini o‘g‘irlashmoqda». Kino va kliplarning yosh avlod axloqiga halokatli ta'siri

"Kitob dunyosi" gazetasida jurnalist Alimurod Tojiyevning "Beparvolik bepardalikdir..." sarlavhali maqolasi e'lon qilingan. U Quyida ushbu maqola juz'iy o‘zgartirishlar bilan qayta nashr etilgan.

Yaqinda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida filologiya fanlari nomzodi Gulnoza Sattorovaning san'atimiz, xususan, qo‘shiqchiligimiz  taraqqiyoti va tahliliga bag‘ishlangan “San'atmi yoki sanoat” nomli maqolasini o‘qib, opaning kuyunchaklik bilan yozilgan fikrlariga munosabat bildirish ishtiyoqi tug‘ildi. Aslida, necha yillardan buyon qayta-qayta tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da, biror o‘zgarish bo‘lmayotgan bu soha haqida gapirish  shitob ila yelib borayotgan poyezdga qor otishdek gap. 

Biz bolaligimizda 10, nari borsa 20 qo‘shiqchini bilardik, ammo ularning hamma ashulalari mashhur bo‘lardi. Masalan, Oxun Madaliyev, G‘iyos Boytoyev, Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullayeva, Muhriddin Xoliqov, Maxmud Namozov, Ahror Usmonov, Xurshid Rasulov, Bahodir Mamajonov kabilar mening, umuman, bizning avlodning sevimli xonandalari edi. Ularning qo‘shiqlarini hozir ham maza qilib tinglaymiz. Vaqt o‘tgan sari yana qo‘msab, qidiramiz. Ammo keyingi besh yillikda birorta ko‘ngilga yoqadigan, so‘zlari, ohanglari tilingda aylanadigan qo‘shiqlar juda ham kam yaratildi. Oldingi qo‘shiqlarning oldida dengizdan tomchi desa ham bo‘ladi. Hozirda  aytilayotgan qo‘shiqlar esa menga bema'no, sayoz tuyuladi, ustiga ustak mazkur xonishlar g‘oyasi kimdandir olingan, musiqasi qayerdandir ko‘chirilgan yoki oldin kimdir aytgan bo‘lib chiqadi. Bir marta eshitasanmi-yo‘qmi, esingdan chiqadi. Xuddi bir marta chaynalib, tuflab tashlanadigan saqichga o‘xshab. Keyin ayrim erkak xonandalarimizni sahnada qilayotgan muqomlari, tushayotgan raqslarini ko‘rib, beixtiyor tilingga mashhur shoirning satri keladi: "Shuyam erkakmi?". Bu ketishda madaniyatimiz, san'atimiz taqdiri nima kechadi? Ularga ergashgan avlodning taqdir qanday bo‘ladi? O‘zi hozir ham ko‘cha-kuyda bir-yarimtasi uchrab turibdi. Dahshat-a?! O‘g‘il farzand ko‘rdim deb ko‘ksingga ursang, uni tarbiyalasangu, u yirtiq-sirtiq narsalarni kiyib yursa, atlas “shim” kiyib,  ko‘chaga chiqsa. 

Keyin yana bir odat paydo bo‘ldi kliplarimiz imperiyasida. Ya'ni, bir chiroyli qizni olib chiqib ustidan masxaralash, ermak qilish, bema'ni, tuturiqsiz qiliqlar qilish. Nima, jamiyatda ayollarni hurmat qiladigan, ularni boshida ko‘taradigan erkaklarning zamoni o‘tdimi? Bu kliplarning g‘oyasidan ayollarni, xususan, qizlarimizni bemalol masxaralash, g‘ururini yerga urish mumkin deb tushunish kerakmi? Shunday qo‘shiqlarga klipga tushayotgan qizlarning ko‘zi qayoqda? Yoki televizorda chiroyli kiyinib, “falonchi” artist bilan teleekranga chiqsa bo‘ldimi? Aslida o‘sha “falonchi”ning qo‘lida o‘yinchoq, qurib ketgur nafsining shafqatsiz ehtiroslari  yo‘lida vosita bo‘layotgan bo‘lsa-chi? Bu yog‘i bilan nima ishingiz bor? Hamma dugonalarim menga havas qilishini, shu “klip”da ko‘rgan, ammo menga e'tibor qaratmagan bir to‘da yigitlarning orqamdan soyadek ergashib  yurishini xohlayman, dermikan?

Shaxsan men, televideniyeda ayrim estrada yulduzchalarini ko‘rsam, darrov boshqa kanalga olaman. Farzandlarim ularning almoyi-jalmoyi "xonish"larini san'at deya tushunib qolmasin deb. Ko‘lmakchalarni daryo deb bilmasin, tasavvurlari shu tushunchalarda qotmasin, deb. Ammo kuchim qayoqqacha yetardi? Xohlaymizmi-yo‘qmi, yoshlar o‘z davrining farzandi. Shu zamonning ma'naviy olami bilan yashaydi. Bugungi san'at va kino berayotgan ma'naviy yemishlar bilan oziqlanadi. Biroq u zararli  bo‘lsa-chi? Kim javob beradi? "Dachalar bor, dachalar, Ayron, qattu go‘jalar, Shomurod akam qattalar, Shomurod akam sho‘ttalar"ni qo‘shiq deya bilgan avlod san'at va adabiyotning estetik mezonlarini qanday tushunadi? Agar birorta odam bu xavfdan o‘z vaqtida ogohlantirmasa, uning oldini olish uchun ta'sir choralarini ko‘rmasa, san'atimizning muqaddas sahnalari havoyi havaslar quyqasiga, minglab yillar davomida yiqqan ma'naviy boyliklarimiz bir siqim kulga aylanmaydimi? Muzeylar ochamiz shekilli, ertaga san'atimizning turli yo‘nalishlarida yaratilgan bebaho asarlarimizning turi, paydo bo‘lgan davri, manbasiga qarab. 

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ma'naviy islohotlar uchun milliardlab mablag‘  ajratilmoqda. Hammasini olqishlash kerak. Qolaversa, adabiyot dunyosi vizuallashmoqda. Yoshlar axborotni internetdan, ma'naviyat, e'tiqod, iymon va haqiqatni kinodan, qo‘shiqlardan, televideniye va kliplardan o‘rganmoqda. Endi ayting, Prezident va Hukumat ajratgan ko‘plab mablag‘lar, minglab insonlarning millat ma'naviyati rivoji yo‘lida qilayotgan tinimsiz mehnati, bosilayotgan minglab gazetalar mohiyati, kitoblarning haqiqatini shunga o‘xshagan "yulduz"chalaru bemaza qovunning urug‘idek ko‘paygan kinolar chippakka chiqarib o‘tirsa, dardimizni kimga aytamiz? Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi-a, bu haqda. 

Yoningizdan bir million so‘mingizni o‘g‘irlab ketishsa, ichingiz og‘riydi. Milliardingizni (agar bor bo‘lsa) o‘g‘irlashsa, hayotingiz ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketadi. Kamida infarkt, insult bo‘lasiz. Ammo bir haqiqat bor, shu pulga yaxshi ko‘rgan farzandingizni almashtirmaysiz. Chunki u jigarbandingiz, pulingizdan ham, joningizdan ham, hayotingizdan ham aziz. Uning uchun yashaysiz-ku... U yaxshi inson bo‘lishini xohlaysiz, shunga harakat qilasiz. Millionlarni, ularni topish uchun ketgan vaqt-u asabingizni sarflaysiz. Rozi bo‘lib, topganingiz uchun xursand bo‘lib. Ammo shunday qo‘shig‘-u kliplar, shunday kinolardan andaza olayotgan, internetda saldiroqlab, behayo kliplaru uzindilardan yashash qoidasini o‘rganayotgan bolalarimiz ertaga kim bo‘larkin? O‘sha san'at deb taqdim etilayotgan narsalar biz o‘sha milliardlarga almashtirmaydigan farzandlarimizning qalbini sirtdan o‘g‘irlamayaptimikan? Axir qalbini olgani, hamma narsani olgani-ku... Axir aytishadi-ku, “Kinosi qanday bo‘lsa, xalqi ham shunday deb”. Aslida, unday xalq emas edik-ku. Ajdodlarimiz yaratgan qo‘shiqlaru, madaniyat, nodir san'at durdonalarining sir-u sinoatlari hali to‘liq o‘rganilmadi. Bugun Munisa Rizayevaning "Sakramento" qo‘shig‘ini tinglayotgan bolaning qo‘lidan telefonini olib, Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘i yoki birorta jahon klassik asarlaridan qo‘yib bering-chi, nima bo‘larkin? Sizni qoloqlikda oshkora aylab, ichida bo‘ralab so‘kadi. Chunki yoshlar mohiyatan yaltiroq, ichi bo‘sh narsalarga o‘ch bo‘ladi. O‘sha matohning ichi bo‘shligini anglash uchun esa yillar kerak bo‘ladi. Hayotning ma'nosi, umrning bahosi, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi muvozanatni farqlash masalasida aldanadi. Aldanganini anglaganda-chi..? Keyin ma'naviy yolg‘onlar, shoumenlar tarqatgan haqiqatlarning bir chaqaga arzimasligi va butun umri yengil-yelpi tuyg‘ular ichra o‘tgani, Xudo cheksiz mukammallik bilan yaratgan Qalbiga chuqur nazar solishga intilmagani, dunyodan-da murakkabroq, ayni paytda butun borliq sinoatini o‘zida jamlagan o‘z Ruhiyatidan uzoqda yashab o‘tgani haqida Tolstoy boboga o‘xshab, “Iqrornoma” yozadimi?  Yozolmaydiyam bu ketishda. Chunki u yozadigan qalamlarni sindirish harakatidamiz-ku!? U yurak endi qonay olmaydi, u bechoraning qalbini endi uyg‘onayotgan paytda qotirib, yelimlab tashlashga ulguryapmiz. Vujudini chiroyli kiyimlar bilan bezadik, og‘ziga shirin ovqatlar soldik, ammo qalbiga nima solyapmiz, ongiga nima ekyapmiz? Auditoriyalarda ma'naviyat, adabiyot, mafkura masalalarida aytiladigan mulohazalarni tinglashni  amallab tugatib olib, “Ummon”u “Bed boy”larning og‘ushiga shoshayotgan bolalarimiz qalbini alafdek o‘rab olgan chirmoviqlarni yulishga nimaga parvosizmiz?  Bugun nima eksak, ertaga shuni o‘ramiz-ku! Nachora, ot o‘rnini toy bosib, u ham keyin siz-u bizdek bolalarining yaxshi odam bo‘lishi uchun kurashadi. Ammo o‘zi bilmagan narsalarini farzandlariga qanday o‘rgatadi? Unda biz hozir aynib ketayapti, degan “san'at”imiz qiyofasi qanday bo‘larkin? Shu maromda “rivojlanaversa-ya”. Shaklan va mazmunan boshqa ahamiyat kasb etib... O‘ylayversang, yuraging orqaga tortib ketadi. O‘ylamagan ma'qul shekilli. Aytadilar-ku, “donolar hayotni kuzaturlar jim” deb. Yoki bugungi bolalarimiz ko‘rayotgan seksual mayllar, pul, davlat, hashamatli hayot, birdaniga boyib ketish, qaynona-kelin munosabatlariga bag‘ishlangan ayrim xususiy kinolarimizni o‘chirib, o‘rniga Navoiy asarlarini, Dostoyevskiy, Tolstoy, Qodiriyning birorta kitobini bering-chi, o‘qirmikan? O‘qir ham. Ammo xayoli qayerda bo‘ladi? Bunisiga javob bera olmaymiz-ku? "Bog‘ xayoli boqqa eltar", deydi J. Rumiy. Ularning xayolini boqqa yetaklash uchun ezgu g‘oyalar, saviyasi baland, syujyeti pishiq kinolar, jozibali, ma'noli qo‘shiqlar, bir hikoya syujyetini o‘zida aks ettirgan kliplar kerak emasmi? 

Z2 million xalq uchun 100ta yaxshi yozuvchimiz yo‘q. 32 million xalq uchun 100ta zo‘r shoirimiz yo‘q. Tiriklarini nazarda tutyapman. Ammo ular bilan  rejissyorlar va san'atkorlar orasini buyuk Xitoy devori ajratib turadi. Bular haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz, borlarining ham tuzuk-quruq qadriga yetmaymiz. Onda-sonda ko‘rishib qolganda, “ilhom” qachon kelishi haqida yarim mazax, yarim hazil savol beramiz. 32 million xalq uchun esa 10 minglab qo‘shiqchi bor. Nimagadir ularni boshqacha hurmat qilish, e'zozlash, “ko‘nglini ko‘tarish” psixologiyamizga kanadek yopishib olgan. Ularga tiyinlab topganimizni sarflaymiz, yordamga muhtoj akamiz, ukamiz yoki biror qarindoshimiz, iste'dodli ammo qo‘li kalta yoshlarimiz bor, ularni o‘ylab o‘tirishga vaqtimizni qizg‘onamiz. Tovusrang liboslarda yarim yalang‘och kirib kelgan “xonanda” uchun, ba'zilari o‘zbek tili va adabiyoti, falsafasi va badiiyati tugul, o‘z ona tilida tuzuk gapira olmaydigan “san'atkor”larning fonogrammasi uchun topganimizni tikamiz,  yetmasa qarz olamiz, kimlarningdir oldida yelkamiz qisamiz. Bu pullarning evaziga yog‘lanib olgan shoumen “Eyfel” minorasi yoki Tailand orollariga oshiqadi, imkon darajasida “yalang‘ochroq”, “soddaroq”, “hammaga tushunarli”, nimadir ishlab kelish maqsadida. Ko‘rayapmizmi, biz kimlar yoki qanday kelajak uchun mehnat qilayotganimizni? Qarab turib, shuyam hayotmi, shu mohiyat uchun yashayapmizmi, deging kelmaydimi?

Yaqinda bir do‘stim aytib qoldi. Madaniyat oliygohlarida badiiy asar o‘qiyotgan talabalarni ko‘rib qolishsa, sendan dramaturg, rejissyor, teatrshunos chiqmaydi, deb undan ko‘ra adabiyotshunos bo‘la qolgin, deb aytisharkan? Chunki, bechora Aristotel bobo aytib ketgan haqiqat bor-ku, drama asosi harakat deb. Shundan ortiq aksiomaning nima keragi bor? Ey, ustozlar, Anton Chexov vrach, Chingiz Aytmatov zootexnik, Murod Muhammad Do‘st faylasuf va hokazolar hokazo bo‘lgani bor gap-ku. Hamza bo‘lmaganda “Boy ila xizmatchi”, “Maysaraning ishi”, Said Ahmad bo‘lmaganda “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, Uyg‘un bo‘lmaganda “Parvona”, Erkin Vohidov bo‘lmaganda “Oltin devor” kabi asarlar yaratilarmidi? Ularning qaysi biri dramaturgman, yozuvchi emasman yoki aksincha deb aytgan. Ular so‘z bilan bog‘liq hamma san'at turini muqaddas deb bilishgan va ularni bir-biridan hech qachon ajratishmagan. Yana bilmadim, “Olchazor”, “Oltinchi palata”siyu, bir-biridan qolishmaydigan yuzlab hikoyalari bilan mashhur bo‘lgan Chexov boboyu, Stanislavskiy degan nazariyotchi olim nima derkin? Xayriyat ham Erkin A'zamdek, Usmon Azimdek, Shuhrat Rizayevu Qo‘chqor Norqobildek, Abduqayum Yo‘ldoshev va Zulfiya Qurolboy qizidek yozuvchilarimizning bor. Harqalay, maishiy mavzular botqog‘idan chiqolmay qolgan aravani itarib, sal oldinga chiqarib qo‘yishdi. Men  san'at va dramaturgiya  nazariyasidan juda ham yiroqligimni tan olgan holda, keyingi  yillarda o‘zbek sahnasida  yuqorida sanab o‘tilgan pesalardan balandroq tomosha ko‘rmaganim rost. Bu sohada ham hamma sohadagi kabi dramaturg, rejissyor, aktyor, sharoit degan muammolar bordir, yana bilmadim? Hozir san'at atalmish muqaddas mo‘'jizaning  ildizi So‘z ekanligi, muhimi, iste'dod va mehnat ekanligini anglash va yosh iste'dodlarni shunga yo‘naltirish, chuchmal va bachkana “kelin”laru ularni alahsiratayotgan “superqaynona”larga yaratilayotgan “imkon”larni qayta ko‘rib chiqish masalasini o‘ylash kerak emasmikan? Shunga o‘xshash mulohazalar bilan ancha joygacha kelib qolibman. Keyin qarasam, juda cho‘zilib ketibdi, har bir sohaning mutaxassislari, mutassaddilari boru, nima qilayapsan aqling yetmaydigan masalalarga aralashib,  degan xulosaga keldim. Yaxshisi, tilni tiygan ma'qul-a, nima deysiz? Ota-bobomizning gapi boru, tilni tiygan boy bo‘ladi, degan. Shunisi ma'qulroqmi Gulnoza Sattorova?

Alimurod Tojiyev

Top