Bugungi kunda hayotimizni mobil telefonlarsiz tasavvur qilish qiyin. Har bir inson o‘z ehtiyojlari va moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘ziga munosib qurilmani tanlaydi. Biroq shunday telefon apparatlari borki, ularni hamma ham qo‘lga kirita olmaydi - ular aloqa vositasi emas, eng avvalo hashamat vositasidir. Trendymen dunyoning eng qimmatbaho telefonlari va ularning narxiga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

 

Diamond Crypto Smartphone

Rossiyaning Ancort kompaniyasi tomonidan yig‘ilgan telefon dizayni bilan avstriyalik Peter Aloysson shug‘ullangan. Biroq qurilmani boshqalaridan ajratib turuvchi xususiyati 50 ta olmos bilan bezatilgan platina korpusi emas, balki zamonaviy shifrlash texnologiyalari samarasi bo‘lgan yuqori xavfsizligidir. Narxi - 1,3 million dollar.

 

GoldVish Le Million

Shveytsariyalik zargar Emmanuel Gyuytning original ijod namunasi - GoldVish Le Million smartfoni - 2006 yilda dunyodagi eng qimmatbaho telefon hisoblangan. Korpusi - oltindan, olmoslar bilan qoplangan, orqa paneli - timsoh terisidan va ajoyib shakl. 1,45 million dollar va u sizniki!

 

iPhone 3G King´s Button

iPhone 3G King´s Button modeli 1998 yildan beri elita telefonlarni jihozlashga ixtisoslashgan avstriyalik zargar Peter Aloyssonning ijod toji bo‘ldi. Telefon haqiqatda qirollik hashamati bilan ajralib turadi - 138 qimmatbaho tosh bilan bezalgan oq, pushti va sariq oltindan ishlangan korpus, boshqaru tugmasida 6 karatli hashamatli olmos joylangan. Narxi - 2,4 million dollar.