13:25 / 26.05.2017
16222

O‘zbekistonlik qorilar tarovih o‘qish uchun Rossiyaga ketdi

O‘zbekistonlik qorilar Ramazon oyi munosabati bilan tarovih  namozlarini o‘qishi uchun qo‘shni respublikalarga yuborilishi o‘ziga xos yaxshi an'anaga aylandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi ma'lumot berishicha, bu yil ham o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, bir necha qori Ramazon oyida tarovih namozlarini o‘qib berish uchun Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketgan.

Rossiya musulmonlari diniy jamiyati taklifiga binoan, 26 may kuni, erta tongda 6 nafar qori – Chilonzor tumani Bosh imom-xatibi Abdukarimov Husniddin, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi xodimi Xudoyberdiyev Farrux, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ta'lim bo‘limi xodimi Haydarov Mirodil, Shayxontohur tumani “Dorus-Salom” masjid noib-imomi Ubaydullayev Islom, Chilonzor tumani “Qatortol” masjidi imom-xatibi Alimov Abror va Yashnobod tumani “Ali ibn Abu Tolib” masjidi noib-imomi Mirsodiqov Nurilla kabi qorilar Moskva shahriga safarbar etilgan.

Qorilar muborak oy davomida Rossiya Federatsiyasi shaharlarida musulmonlarga tarovih namozlarida xatmi Qur'on o‘qib beradi.

Shuningdek, safar davomida qorilar Rossiya Federatsiyasi shaharlarida tashkil etiladigan diniy marosimlarda ishtirok etishlari kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top