15:37 / 27.05.2017
5578

Go bo‘yicha jahon chempioni kompyuter dasturiga ketma-ket uch bahsni boy berdi

Foto: Reuters

Go o‘yini bo‘yicha jahon chempioni xitoylik Ke Tsze AlphaGo kompyuter dasturiga uchta bahsning barchasida mag‘lub bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

So‘nggi uchrashuv shanba, 27 may kuni bo‘lib o‘tdi. Har bir tomonga qarorlar qabul qilish uchun uch soatdan berildi. Tsze g‘alaba qozongan taqdirda 1,5 million dollarni qo‘lga kiritishi mumkin edi.

«Bu mashinada o‘yinga nisbatan hech qanday his-tuyg‘u yo‘q. Oldin dasturda qator zaif tomonlar bor edi, biroq hozirda uning go o‘yini tushunishi va qarorlar qabul qilishi bizning imkoniyatlarimizdan ancha oldinda ekanini tushunmoqdaman», - deya ma'lum qildi o‘yinchi.

AlphaGo - Google DeepMind kompaniyasi tomonidan yaratilgan dastur bo‘lib, 2016 yilda go bo‘yicha sobiq jahon chempioni Li Se Dol ham sun'iy idrokni mag‘lub etishga urinib ko‘rgan, ammo besh o‘yindan to‘rttasida imkoniyatni boy bergandi.

Go – mantiqiy o‘yin bo‘lib, taxminan uch ming yil avval paydo bo‘lgan. Unda ikki o‘yinchi ishtirok etadi, biri oq rangdagi toshlarni olsa, ikkinchisi – qora. O‘yinchilarning maqsadi – o‘yin taxtasida o‘z rangdagi toshlari orqali raqibga qaraganda ko‘proq hududni egallash. Ayni damda go Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyada keng tarqalgan.

Mavzuga oid
Top