17:21 / 27.05.2017
6059

Senatda tashqi ishlar vazirligi faoliyatiga doir masalalar muhokama qilindi

2017 yilning 26 mayida Oliy Majlis yuqori palatasida Senat qo‘mitalarining majlislari bo‘lib o‘tdi. Ularda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining vazirlikning mamlakat iqtisodiyoti tarmog‘iga va mintaqalarga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, turizmni rivojlantirish, davlatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga doir faoliyati haqidagi hisoboti dastlabki tarzda tinglandi.

Qo‘mita majlisi ishida senatorlar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tashqi savdo va turizmni rivojlantirish borasida faoliyat yuritayotgan vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Tashqi ishlar vaziri hamda vazir o‘rinbosarlarining chiqishlarida vazirlik mutasaddi bo‘lgan yo‘nalish va mamlakatlarda olib borilayotgan faoliyatning batafsil tahlili bayon qilindi.

Senatorlar tashqi ishlar vazirining hisobotini Senatning yalpi majlisida eshitishdan oldin mamlakat bosh tashqi siyosiy idorasi faoliyatini chuqur o‘rganib chiqib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqdilar.

Majlis davomida ishtirokchilar o‘zaro faol fikr almashdilar. Shu o‘rinda, senatorlar va majlis ishtirokchilari Tashqi ishlar vazirligi faoliyatidagi ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tib, bu borada vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni bildirdilar.

Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish haqidagi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Top