20:08 / 27.05.2017
6246

Shveytsariyaliklar davlatlarining NATO va Yevropa Ittifoqiga kirishini istashmayapti

Foto: News Front

Shveytsariya fuqarolarining aksariyati davlatlarida olib borilayotgan daxlsizlik siyosati va iqtisodiy mustaqillikni qo‘llab-quvvatlaydilar. Shveytsariyaning 19 foiz aholisi mamlakatning NATOga, 15 foizi esa Yevropa Ittifoqiga kirishini istamoqda. Bunday ma'lumotlar Bernda chop etilgan "Xavfsizlik 2017" hisobotida keltirilgan.   

2016 yilga nisbatan YeIga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar soni 1 foizga, ya'ni 15 foizgacha, YeI bilan yaqinlashish tarafdorlari esa 4 foizga, ya'ni 31 foizgacha kamaygan va bu mamlakatda qayd qilingan eng past ko‘rsatkichlardir. Shu bilan birga Shveytsariyaning 81 foiz aholisi YeI bilan iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqdalar.  

NATOga kirish borasida esa, 2016 yildagi kabi, shveysariyaliklarning 19 foizi rozilik bildirgan. Shu bilan birga mamlakatning daxlsizligi prinsipini 95 foiz aholi qo‘llab-quvvatlamoqda. 
 
Umumiy holda 73 foiz shveysariyaliklar dunyoda xavfsizlik sohasida rivojlanish istiqbollarini salbiy baholashgan. Shu bilan birga 93 foiz aholi o‘zini xavfsiz hisoblamoqda. 2016 yilga nisbatan aholining davlat institutlari va matbuotga ishonchi 0,1 ballga, ya'ni 10 ballik shkaladan 6,7 ballgacha oshgan. Bunda aholi politsiya (7,9), sudlar (7,4) va hukumatga (7,1) eng katta ishonch bildirgan.

Ushbu ma'lumotlar 1209 respondent o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida olingan. Mutaxassislarning fikricha, joriy yilda fuqarolarning javoblariga bir qator omillar ta'sir ko‘rsatgan.

Mualliflar bunday omillar orasida 1-o‘ringa "Rossiya va YeI o‘rtasida Ukrainadagi vaziyat sababli doimiy keskinlik"ni qo‘yishgan. Respondentlarning fikrlariga, shuningdek, Yevropadagi qochqinlar borasidagi bahslar va Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi, Berlin va Istanbuldagi teraktlar, Shveytsariya armiyasining Davos anjumanida xavfsizlikni ta'minlashi kabi omillar ham ta'sir ko‘rsatgan.

Top