15:40 / 28.05.2017
75598

Plastik kartochkalar: O‘zbekistonliklar uchun yaxshilikmi yoki bosh og‘rig‘i?

Rivojlangan davlatlarda tovar yoki xizmatlar uchun to‘lov qilishda plastik kartochkalardan faol foydalaniladi. Ularni ishlatish aholi uchun ham, bank uchun ham, chakana savdo uchun ham qulay. O‘zbekistonda esa plastik kartochkaning mashhur afzalliklariga qaramasdan, uni ishlatish foydalanuvchilarning hayotini qiyinlashtirib yubormoqda. Eng bosh muammo — bir qator savdo nuqtalarida terminallarning yo‘qligi va pullarni naqdlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani.

Nega O‘zbekistonda plastik kartalarni joriy qilish mana shunday «notipik» natijalarga olib keldi? UZ24 tushuntirish istab, mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovga murojaat qildi.

Rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda xaridlarning katta qismi — naqdsiz ko‘rinishda amalga oshiriladi: bularga bank o‘tkazmalari, elektron hamyonlardan va plastik kartadan to‘lovlar kiradi. Masalan, pullarni «elektronlashtirish» bo‘yicha jahonning eng ilg‘or davlatlaridan biri bo‘lmish Shvetsiyada naqd pul umumiy pul massasining bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etadi, xolos. 

Plastik kartochkalar — pul muomalasini «elektronlashtirish»dagi bosh dastgohlardan biri va insoniyatning eng buyuk ixtirosi hisoblanadi.

Nega kartochkalar qulay va foydali?

Aholi uchun:

- joriy xarid uchun ko‘p miqdorda naqd pul olib yurish uchun hojat yo‘q;
- tovar va xizmatlarga Internet orqali ham haq to‘lasa bo‘ladi.

Chakana savdo uchun:

- naqd pullarni uddalab, saqlab yurishga hojat yo‘q;
- mijozlarning xarid qobiliyati ikki baravar oshadi — chunki kartochkada, odatda, xaridor o‘zi bilan olib kelishi mumkin bo‘lgan naqd puldan ko‘ra doimo ko‘proq pul bo‘ladi;
- Internet orqali savdo hajmi oshadi.

Banklar uchun:

- banklarning depozit bazasi kengayadi, depozitlardagi pullarni faol operatsiyalar uchun ishlatish mumkin.

Umuman, jamiyat uchun:

- moliyaviy operatsiyalar yanada shaffoflashadi, bu esa soliqlardan qochish, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish holatlarini kamaytiradi.

O‘zbekistonda plastik kartochkalarni joriy qilish portlash effekti bilan teng bo‘ldi: 2005 yildan buyon kartochkalar soni 45,5 marta (!) ga oshdi, jismoniy shaxslarning bank kartalarida milliy valyutada o‘tkazilgan tranzaksiyalari 371 barobar oshgan. 

Bir qaraganda, faqat xursand bo‘lish kerakka o‘xshaydi. Lekin O‘zbekistonda yashayotgan har bir odam biladiki, plastik kartalarning joriy qilinishi o‘zi bilan hayot darajasining yaxshilanishi bilan birga, uning murakkablashishini ham olib keldi.

Nega bunday bo‘ldi?

Avvaliga plastik kartalar tizimi qanday ishlashi lozimligini tushunib olishimiz kerak. Gap uning ideal tarzda ishlashi qanaqa bo‘lishi haqida ham emas, shunchaki, jahonning bizdan boshqa barcha davlatlarida qanday ishlayotgani xususida. 

Plastik kartochkalar joriy qilinishining bosh prinsipi — u aytib ham o‘tirilmaydi, chunki bu o‘z o‘zidan aniq bo‘lgan narsa — ixtiyoriylikdir. Kartochkani ishlatish yoki ishlatmaslik, bu ishni qanchalik tez-tez amalga oshirishni odamlar o‘zlari mustaqil, hech qanday ma'muriy majburlovlarsiz amalga oshirishadi. Kartochka uni ishlatish qachonki qulay va foydali bo‘lsagina ishlatiladi. Gap shundaki, kassa yoki bankomat orqali pul naqdlashtirilganida banklar ko‘pincha komission haq undiradi, ularda bu ko‘rsatkich bizdagidek ulkan emas va ko‘pincha 1–2 foizdan oshmaydi. Kartochka bilan hisob-kitob qilganida iste'molchi ana shu komission haqni to‘lamaydi. Bundan tashqari, banklar savdo tarmoqlari, kommunal xizmatlar, aviakompaniyalar va boshqa sotuvchilar bilan kelishib, o‘z banki plastik kartasi bilan to‘lov qilganlarga chegirmalar joriy qilishadi.

Nega banklar bunday yo‘l tutishadi?

Bu yerda boshqa prinsip — raqobat ishga tushadi. Agar moliya sohasida rivojlangan raqobat mavjud bo‘lsa, banklar o‘z mijozlari uchun kurashga kirishishadi va ularni jalb qiluvchi mahsulotlar va xizmatlar bilan ta'minlashga harakat qilishadi. Shu sababli ular iste'molchilar uchun o‘z plastik kartochkalari jozibador bo‘lishi uchun barcha ishni amalga oshirishadi.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turgani uchun ko‘pincha tilga olinmaydigan yangi bir prinsip — naqdsiz ko‘rinishgdagi pullarni naqd ko‘rinishiga erkin aylantira olish, ya'ni kerakli summani bankomat orqali yecha olishdir. Ha, bu xizmat uchun kichikroq foiz to‘lashga to‘g‘ri keladi, lekin siz istagan vaqtingiz undan foydalanishingiz mumkinligini bilib turasiz.

Nihoyat, plastik kartchokalardan foydalanish mexanizmlari juda oddiy va qulay. Karta hisobini joriy bank hisobidan osongina to‘ldirib olish, kartadan kartaga pul ko‘chirish, internet orqali narsa xarid qilish mumkin.

Unda nega bu prinsiplar bizda ishlamaydi?

1. Kartochkalar ixtiyoriy-majburiy asosda joriy etiladi va ularga oylik maosh va boshqa daromadlar ham xuddi shunday, majburiy tarzda o‘tkaziladi. 

2. Banklar biri-biri bilan mijozlar borasida aslo raqobat qilmaydi, shu sababli ularning mahsulotlarida kishilar e'tiborini jalb qilish darajasi o‘ta past, jumladan, plastik kartochkalarida ham;

3. Bankomatlar orqali naqd pul yechib olish hamon orzuligicha qolmoqda. Garchi hukumat bot-bot bilan bu sohada o‘nglanish sodir bo‘lishini va'da qilayotgan bo‘lsa-da, lekin...

Nega bunday bo‘ldi?

Hali infratuzilma (terminallar, bankomatlar) to‘liq tayyor bo‘lmasdan, hamma yoqqa plastik kartochkalarni joriy qilish nega zarur bo‘ldi? Nega kartadagi pulni naqdlashtirish huquqidan foydalanish mumkin emas?

Avval boshdan hukumat tomonidan plastik kartochkalarga hayot darajasini yengillashtirish dastgohi emas, avvalo, boshqa muammolarni hal qilish vositasi sifatida qaralgan.

Qanaqa muammolarni?

- Xufyona iqtisodiyot va soliqlarni to‘lamaslikka qarshi kurashish;
- Valyuta qora bozoriga qarshi, to‘g‘rirog‘i, ushbu bozorda ayirboshlash kursining haddan ziyod oshib ketmasligiga qarshi kurashish.

Mantiq esa quyidagicha edi. Xufyona iqtisodiyotda odamlar tushunarli sabablarga ko‘ra faqat naqd pullar bilan ishlashni afzal ko‘rishadi. O‘z-o‘zidan, naqd pul aylanmasini cheklab, hukumat xufyonachilarni moliyaviy resurslardan mahrum qilishadi. Bundan kishilar va umuman iqtisodiyot (pul muomalasi — bozor iqstisodiyotining «qon aylanish tizimi» hisoblanadi, unga bu tarzda ma'muriy aralashuvni qon tomirlarning berkilib qolganiga mengzash mumkin) katta zarar ko‘rayotgani negadir hech kimni tashvishlantirmagan. Asosiysi — qisqa muddatli natijaga erishish, keyin esa nima bo‘lishini Xudo biladi. 

Bu holatda xufyona iqtisodiyotning katta miqyosi va valyuta qora bozorining mavjudligi — samarasiz iqtisodiy siyosatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibatidir. Yuqori soliq yuklamasi, biznes yuritish uchun to‘siqlar, narx-navo, foiz stavkalari va ayirboshlash kursining ma'muriy tartibga solinishi — xufyona bozor va sxemalarning paydo bo‘lishi uchun asosiy sabablardir. Biroq bizda sabablarni yo‘q qilish uchun, oqibatlarga qarshi kurashishga kirishib ketishdi, boz ustiga, bizning hisobimizga.

Buni qanday qilib yechish mumkin?

Agar biz o‘zimizda normal (aynan oddiy, normal, me'yordagi deyilmoqda, allaqanday ideal emas) to‘lov tizimini yaratishni istasak, quyidagilarni amalga oshirish zarur:

1. Naqd pul aylanmasi oldidagi ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish kerak, oddiy omonatchilar, tadbirkorlarga bankdagi o‘z hisob raqamlari va kartochkalaridan naqd pulni erkin yechib olishga ruxsat berish kerak;

2. Bank sohasida raqobatni kuchaytirish kerak;

3. Plastik kartochkalarni beixtiyoriy, majburan joriy etish to‘liq taqiqlanishi lozim.

O‘z navbatida, xufyona iqtisodiyotga qarshi boshqacha usullar bilan kurashish kerak: soliqlarni kamaytirib, soliq ma'murchiligini soddalashtirib, biznes yuritish oldidagi to‘siqlarni bartaraf etib, valyuta bozorini erkinlashtirib. 

 

Top