Ayni kunlarda mamlakatimizda navbatdagi o‘quv yili nihoyasiga yetib, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, umuman talaba bo‘lishni diliga tuggan yoshlar uchun hayajonli damlar boshlandi. Bunday paytda joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul va test sinovlariga oid masalalar har bir yigit-qizni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois biz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test markazi bo‘lim boshlig‘i Orziqul Boboyevga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
— Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish qachondan boshlanadi va qabul jarayonida qanday yangiliklar bor?
— 2011 yil 18 iyuldan qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ga kiritilgan oxirgi o‘zgarishlarga ko‘ra, 2017 yildan boshlab oliy ta'lim muassasalarida abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish ilgarigidek 20 iyundan 20 iyulgacha emas, balki 15 iyundan 15 iyulgacha davom etadi.
Ushbu o‘zgarishlar kiritilishining asosiy sabablaridan biri oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar sonining yildan-yilga ko‘payib borayotganligi bo‘lsa, ikkinchidan, test materiallarini sifatli tayyorlash va yetkazish vazifasi bor. Test sinovlari o‘tkaziladigan kun esa o‘zgarmagan, doimgidek 1 avgust kuni bo‘ladi.
— Abituriyentlarga berilayotgan imtiyozlar borasida qanday o‘zgarishlar bor?
— Ma'lumki, oliy ta'lim muassasalariga kiruvchilar uchun bir necha turdagi imtiyozlar tizimi mavjud. "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2012 yil 31 may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori shular jumlasidandir. Darhaqiqat, mazkur qarorga ko‘ra muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolarimiz uchun oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovi jarayonida to‘plagan ballga qo‘shimcha tarzda maksimal to‘plash mumkin bo‘lgan ballning 27 foizi miqdorida imtiyozli ball qo‘shib berilar edi. Ushbu qarorga Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 apreldagi qarori bilan tegishli o‘zgartirish kiritildi, qarorning 11-bandiga muvofiq, endilikda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan barcha fuqarolarimizga respublikaning barcha oliy ta'lim muassasalari bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plagan ballining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.








