Bugun hech kimga sir emas, har kuni duch kelayotgan manzaramiz ham, manzilimizni yaqin qiladigan ham, yashirishning hojati yo‘q – gohida asablarimizni tarang qiladigan makon ham bu – yo‘llar. Bu haqda ko‘p gapirildi: tanqid ham qilindi, o‘rniga qarab, maqtaldi ham. Bir haqiqatni unutmaslik kerakki, bugun jarayon bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q. Bu sohaga oid Prezident farmoni va qarorlari, hukumatning qator normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Xo‘sh, o‘zgarishlar kechmoqdami va ular nimalardan iborat? Bugun yo‘lovchilarning manzili ravon bo‘lishi uchun nimalar qilindi va muammolar nimalardan iborat?

Shu va shunga o‘xshash savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Saifnazarovga murojaat qildik.

- Sohib Ismoilovich! Bugun bir qaraganda, avtomobil yo‘llarimiz ta'miri uchun ko‘p-ko‘p ishlar qilinayotgandek taasurot qoladi. Farmonu qarorlar qabul qilindi. Ularning ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida xabar berib bormoqdasizlar. Ammo ochig‘ini aytganda, natija – ko‘pchilik kutgan darajada emasdek. Chunki yo‘llar ahvolidan odamlarimizning ko‘ngli to‘lmayotir... Nega shunday?

- O‘zingiz ham savol boshida bilibmi-bilmaymi, e'tirof qilayotganingizdek, bugungi kunda avtomobil yo‘llari va ularning rivojlanishi borasida eng yuqori darajalarda, juda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring – mamlakatdagi avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi qariyb 184 ming kilometr. Buncha uzunlikdagi yo‘lni bir-ikki oyda emas, yillar davomida ham risoladagidek, ravon qilib qo‘yish mushkul masala. O‘zbekiston MDH davlatlari orasida umumfoydalanuvdagi yo‘l tarmog‘i zichligi bo‘yicha yuqori pog‘onalarni egallab, 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan yo‘l uzunligi bo‘yicha 5-o‘rinda, 1000 km2ga to‘g‘ri keladigan yo‘l uzunligi bo‘yicha 9-o‘rinda turadi. Demak, bu yo‘lni bir kunda yo bir soatda ta'mirlash va yoki qurish – mumkin emas...

Shunga qaramasdan, joriy yilning 14 fevral kuni qabul qilingan "Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon, u bilan bir qatorda “2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlar – sohada chinakam “inqilob” yasashi kutilmoqda.

Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarining bugungi tarmog‘i iqtisodiy taraqqiyot hamda aholi talablariga asosan javob berib, Respublika ichidagi va xalqaro avtomobillar qatnovida havfsiz transport aloqasini ta'minlaydi. Ammo aholi sonining doimiy o‘sishi, yuzlab yangi aholi turar-joylarining barpo etilishi hamda shaharlarning kengayishi Respublika ichki xo‘jalik yo‘llari holatini ham tubdan yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishini talab etadi. Bugun asosiy urg‘u shunga qaratilmoqda.