11:02 / 29.05.2017
6434

Suriya kar-soqovlari urush iboralarini o‘rganmoqda

Damashqning ixtisoslashtirilgan markazlaridan birida Riyod Xoms va opasi Bashar (ularning ikkisi ham kar-soqov) vatanlari Suriyani vayron qilgan urush xususida suhbatlashish uchun yangi imo-ishoralarni o‘ylab topishmoqda. Qurolli ziddiyat boshlanganidan beri gapira olmaydigan va eshita olmaydiganlar joylardagi vaziyatni muhokama qilishlari hamda o‘z hissiyotlarini izhor qilishlari uchun yangi imo-ishoralardan foydalanishlariga to‘g‘ri kelmoqda. 

Al Maydon mavzesidagi kar-soqovlar uchun markazda Riyod va Bashar qo‘llaydigan yangi iboralardan biri «IShID tashkiloti» bo‘ldi. 

Markaz direktorining o‘rinbosari, 26 yoshli Vasal Al Axdab 2 marta nomsiz barmog‘ini ko‘tarib (ingliz tilida «A» harfini anglatadi), bosh barmog‘ini ko‘rsatkich hamda o‘rta barmog‘i bilan (ingliz tilida «S» harfi) birlashtiradi. Bu ingliz tilida «ISIS» yoki arabchada «IShID»ni anglatadi. 

Agar ikki barmoq kaftga qo‘yilsa, «hukumat»ni bildiradi: ya'ni Suriya bayrog‘idagi 2ta yulduz nazarda tutilgan bo‘ladi. Kaftga 3ta barmoq qo‘yilsa, muxolifatning bayrog‘i tushuniladi. Agar kaftlar bilan ko‘zlar yopilsa, odamlarni o‘g‘irlab ketishni tushunish mumkin. 

Biotibbiy injyeneriya sohasida mukofotga sazovor bo‘lgan Al Axdab shunday deydi: «Biz Suriyadagi kar-soqovlar bilan muloqot qilish, yuz berayotgan zo‘ravonliklarga doir ma'lumotlar yoki hissiyotlarni almashishga imkon beradigan yangi so‘zlarni topishimiz kerak edi». Ushbu imo-ishoralar qabul qilinganidan so‘ng, ularni suratga olib Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi kar-soqovlar orasida keng tarqalgan maxsus sahifaga joylashtirishdi. 

Markaz direktori Ali Ikrimning Agence France-Presse agentligiga ma'lum qilishicha, garchi urush suriyaliklar hayotida og‘ir asoratlarni qoldirgan bo‘lsa-da, aholining yordamga muhtoj qatlami bundan ikki karra ko‘proq aziyat chekdi. Chunki, ular atrofida nimalar yuz berayotganini anglay olishmaydi. Rasmiy ma'lumotlarga muvofiq, Suriyadagi kar-soqovlar 20 mingga yaqin kishini tashkil etadi. Biroq, Ikrim bu raqam aslida 5 baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Yangi so‘z va iboralarni tuzishda ishtirok etuvchi 21 yoshli Riyodning hikoya qilishicha, urush vaqtida u katta fojiani boshidan kechirgan. Uning onasi, akasi va singlisi shu urushda halok bo‘lishdi. U, shuningdek, xolasi, tog‘asi va 3 nafar amakivachchalaridan ayrildi. Ularni merganlar uning ko‘z o‘ngida otib tashlashdi. Bu voqealar ular yuk mashinasida mavzeni tark etishga urinayotganlarida yuz berdi, ammo o‘sha vaqtda Riyod nimalar bo‘layotganini tushunmagan. 

Kabel ishlab chiqaruvchi zavodlardan birida ishlaydigan yana bir gung kishi shunday davom etadi: «Men hech narsani eshitmaganim sababli, atrofimda nima bo‘layotganini tushunolmadim. Men onam ko‘z o‘ngimda yiqilganini ko‘rdim, undan so‘ng amakivachchalarim yiqilishdi. Opamning boshi sochilib ketganidan keyingina bizni o‘qqa tutishganini angladim». 

Riyodning ko‘rgan aziyati bu bilan tugamadi. Uning yana bir ukasi ko‘chada futbol o‘ynayotgan vaqtda yuz bergan otishma qurboni bo‘ldi. 

O‘zi bilan yuz bergan fojialarni unuta olmagan yosh yigit xorijga ketishni orzu qiladi: «Ehtimol, u yerda yaxshiroq ish toparman, deb o‘ylayman».

Kar-soqovlar duch kelayotgan yana bir qiyinchiliklardan biri shahar nazorat-o‘tkazuv punktlaridagi holatdir. Ikrimning izoh berishicha, «ular o‘zlarini xizmatchilarga notanish bo‘lgan imo-ishoralarda bildirishlari kerak. Urushdan avval, kar-soqovlarning aksariyati shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarida nogiron ekanliklarini qayd etishlarini xohlamagan bo‘lsa, endilikda, o‘zlari buni talab qilishmoqda».

Riyodning 32 yoshli opasi Bashar shu kabi tushunmovchiliklar sababli murakkab davrlarni boshidan kechirgan. U 2011 yili uyiga qaytayotganida tuzumga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazayotgan bir to‘da odamlar orasida qolib ketdi. Xavfsizlik xizmati xodimlari esa ularni tarqatishga harakat qilishayotgan edi.

Basharniing aytishicha, u Al Maydon mavzesining ko‘chalaridan biriga qochishga uringan, biroq uddasidan chiqa olmagan. «Menga hech kim yordam bera olmadi, chunki ular bilan gaplasha olmas edim. Vaziyat esa tobora chigallashib borardi». U so‘roq vaqtida kar-soqovligini zo‘rg‘a tushuntira oldi. Shundan beri Basharning ko‘chaga chiqishga kuchi yetmaydi.
 
Kunlarning birida artilleriya hujumidan so‘ng, uning uyi oynalari parcha-parcha bo‘lib, poli vayron bo‘ldi. O‘shandan keyin oila Livanga ko‘chib, 2 yil mobaynida o‘sha yerda qolishdi. Ular Damashqqa qaytishganida barchasi o‘zgarganiga guvoh bo‘lishdi. Basharning chuqur qayg‘u bilan aytishicha, «urush barchani tarqatib yubordi, xorijga ketgan odamlar esa yangi so‘zlar va iboralar o‘ylab topishdi». Uning do‘stlari o‘zgarib, agresssiv bo‘lib qolishgan. 

Basharning suhbat so‘nggida: «Umid qilamanki, biz yana qachondir uchrashamiz va o‘shanda kar-soqovlar umumiy til topib olishgan bo‘ladi».

Top