12:49 / 29.05.2017
11716

Toshkentda safdosh do‘stining qariyb 6 ming dollarlik narsalarini o‘marib ketgan yigit ushlandi

Elyor Bekzod (ismlar o‘zgartirilgan) bilan harbiy xizmatda tanishdi. Qisqa vaqt ichida inoqlashib, do‘st tutinishdi. Xizmat muddatini tugagach, Bekzod safdoshiga o‘z yashash manzilini aytib, mehmonga kelib turishini tayinladi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Elyor uyiga qaytgach, na o‘qishga kirdi, na ishga. Otasining dakkilari, onasining maslahatlariga quloq tutishni istamadi.

Bir kuni kechqurun otasi ishdan qaytgach, o‘g‘lining televizor yonida oyog‘ini chalishtirib yotganini ko‘rib, asabi buzildi:

-  O‘g‘lim, sen tengi yigitlar allaqachon bir ishning boshini tutib, ro‘zg‘orga yordam beryapti. Bizlarni senga bog‘lab bermagan, axir. Kap-katta yigit bo‘lsang, uyalmaysanmi, yeb yotishga!

-  Yana boshladingizmi? Qaysi ota bolasiga minnat qilib yediradi? – dedi Elyor tutoqib. – Jonga tegdi! Shu uydan ketsam, qutulaman, shekilli!

Elyor shunday dedi-yu, eshikni qarsillatib yopib, ko‘chaga chiqib ketdi. Ko‘chaga chiqqach, qayerga borishi mumkinligini o‘yladi. Telefonidagi raqamlarni birma-bir ko‘zdan kechirayotib, do‘sti Bekzodning taklifi esiga tushdi.

...Bekzod suratkashlik bilan shug‘ullanardi. Safdosh do‘stini quchoq ochib kutib olgan Bekzod orzu-havaslari bilan bo‘lishdi. Fotostudiya ochish niyatida ekanini aytdi. Shu maqsadda olib qo‘ygan asbob-uskunalarini do‘stiga ko‘rsatdi.

-  Imkoniyatlardan foydalanib qolish kerak, do‘stim, - dedi Bekzod. Axir, umr insonga bir marta beriladi. Hozir oyoqqa turib olsak, qariganda rohat-farog‘atda yashaymiz, to‘g‘ri emasmi.

Elyorning dilida havas emas, hasad hissi uyg‘ondi.

Ikkala do‘st allamahalgacha suhbatlashib o‘tirdi. Bekzod charchaganini aytib, do‘stiga yotish uchun joy tayyorlab berdi. O‘zi dam olish uchun yotog‘iga kirib ketdi. Elyor esa musiqa eshitib, kechroq yotmoqchiligini aytdi. Ammo uning qulog‘iga musiqa ovozi kirmasdi. “Bekzod qanday qilib shuncha pul topdi, uning mendan nimasi ortiq?” degan savollar miyasiga o‘rnashib olgandi. Hasad ich-etini yerdi. Ko‘z oldida turgan qimmatbaho fotoapparat, yoritgich va fotoapparatning turli moslamalari ko‘ziga bir dunyo boylik bo‘lib ko‘rinardi...

Soat tungi uchlar atrofida Elyor uy kalitini olish niyatida Bekzod yotgan xonaga kirdi. Shu payt do‘sti uyg‘ondi. Elyor sovqotayotganini aytdi. Bekzod do‘stining gaplariga ishonib, unga ko‘rpa berib, yana uxlashga yotdi...

Ertalab Bekzod do‘stining qilmishidan o‘ziga kelolmadi. Chunki Elyor tunda qimmatbaho fotoapparat va unga tegishli barcha uskunalarni, “Iphone-5” rusumli telefon apparatini, jami 5 ming 860 AQSh dollari miqdoridagi buyumlarni o‘g‘irlab ketgandi.

Bekzod voqea yuzasidan ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qildi. Tezkor-qidiruv tadbirlari o‘z natijasini berdi. Elyor tezda qo‘lga olinib, qonun doirasida jinoiy javobgarlikka tortildi. 

Top