11:46 / 29.05.2017
9120

Jizzaxda sud qarorini bajarmagan rahbar jazolandi

Zomin tumani hokimining qarori bilan tashkil etilgan “Zomin-agro-chorvachilik” agrofirmasiga rahbarlik qilib kelayotgan Ummat Karimovning ko‘p o‘tmay fikri buzilib, noqonuniy yo‘llar bilan moddiy boylik orttirishni maqsad qildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Viloyat xo‘jalik sudining ajrimiga ko‘ra, mazkur agrofirmaning 7 mln. 645 ming so‘mlik mol-mulkini “Jizzaxneftbaza” unitar korxonasi foydasiga va 43 mln. 580 ming so‘mlik mol-mulkini bank foydasiga undirish yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarorlariga mas'uliyatsizlik bilan qaradi.

Sud ijrochilari tuman bo‘limi tomonidan mazkur hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgunga qadar agrofirmaning mulki xatlab qo‘yildi va mol-mulklarni uchinchi shaxsga ayirboshlash taqiqlandi. Yanada aniqroq aytganda, agrofirmaga tegishli 4 gektar yerdagi makkajo‘xori, 4 gektar yerdagi poliz, 2 gektar yerdagi kunjut va 0,7 gektar maydondagi piyoz, umumiy hisobda 39 mln. 980 ming so‘mlik ekinlarga band solindi. Xatlangan bu mulk agrofirma rahbarlariga dalolatnoma asosida ishonib topshirildi. Biroq rahbar shaxsiy manfaatini o‘ylab, yuqorida ko‘rsatilgan mol-mulkni talon-toroj qilishga kirishdi.

Ish sudga oshgach, u barcha zararni qoplab berdi. Lekin jinoyat sodir etilgan edi. Sud hukmi bilan Ummat Karimov aybli, deb topildi va ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb etildi.

Mavzuga oid
Top