13:10 / 30.05.2017
5124

Halabda 5 yilda ilk marotaba qizamiqqa qarshi emlash o‘tkazilmoqda

Foto: Fotolia

Suriya pediatrlari Halab viloyatining terrorchilardan ozod qilingan hududlarida bolalarni qizamiqqa qarshi emlash kampaniyasini boshlab yuborishdi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash departamenti rahbari Ziyod Al-Haj Toha jurnalistlarga ma'lum qildi.

"Bolalarni emlash 2012 yilda jangovar harakatlar boshlanganidan beri ilk marotaba unchalik ham ko‘p bo‘lmagan tibbiyot muassasalarida olib borilmoqda. Bundan tashqari, uncha katta bo‘lmagan aholi punktlarida ham emlash o‘tkazilayapti. Biz, shuningdek, o‘z vaqtida emlanmagan bolalarni qamrab olish niyatdamiz", - degan Ziyod Toha. 

Salaxin tumanida (Sharqiy Halab) emlash ishlari statsionar sharoitlarda olib borilmoqda. Hukumat bir necha oy muqaddam terrorchilar nazoratida bo‘lgan shifoxonani tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga, tibbiy mutaxassis yetishmasligi kuzatilayapti. 3 nafar pediatr bir kunda 300dan ortiq bolani qabul qilmoqda. 

Ziyod Al-Haj Tohaning aytishicha, Suriya emlash dorilarini ishlab chiqarmaydi. Bu kabi dori vositalarini xorijdan xarid qilish ayrim G‘arb davlatlari joriy qilgan sanksiyalar tufayli qiyinlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Rossiya va Xitoy Suriya hukumatiga ko‘mak bermoqda. Hindiston esa, gumanitar yordam doirasida 300 ming dona vaksina yuborgan. 

Top