17:15 / 30.05.2017
13525

Sayyor qabullar davom etmoqda: Surxondaryo va Andijon viloyatlari

23-29 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi a'zolari Surxondaryo va Andijon viloyatlari aholisi bilan ochiq muloqot tarzida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda vazirliklar, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari hamda boshqa tegishli boshqarma va tashkilotlardan 180 dan ziyod mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbirlarda ta'kidlanganidek, bugungi kunga kelib Surxondaryo hamda Andijon viloyatlarida istiqomat qiluvchi aholidan jami 123 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Xususan, Surxondaryo viloyatidan – 55 ming, Andijon viloyatidan esa – 68 ming.

Mazkur viloyatlardan kelgan murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish (17,2 foiz), moddiy yordam, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish (10,9 foiz), mehnat va bandlik (7,8 foiz), sud qarorlarining ijro etilishi (8,5 foiz), bank-moliya va soliqqa tortish (5,1 foiz), sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi (4,4 foiz), fuqarolikni qabul qilish va fuqarolikdan chiqish, pasport olish va propiskaga o‘tish (4,3 foiz) kabi sohalarga oiddir.

Shu bilan birga, tadbirda ta'kidlanganidek, mazkur viloyatlar hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik va muallifga javob bermaslik natijasida bu sohada jiddiy kamchiliklar mavjud. 

Jumladan, viloyat hokimliklarida murojaatlar bilan ishlash tizimini to‘g‘ri tashkil etmaslik, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlarni jalb etmaslik hamda tahlil ishlarini yo‘lga qo‘yilmaslik oqibatida Surxondaryo viloyatida murojaatlarning 54,6 foiziga, Andijon viloyatida esa 22 foiziga kechiktirilgan holda javob berilgan.

Sayyor qabullar davomida Surxondaryo hamda Andijon viloyatlari aholisining 1100dan ziyod murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, 70 foizdan ziyodi ijobiy hal etildi, qolgan 30 foiz esa asosli deb topilib, ijro uchun muddat belgilanib, nazoratga olindi. 

Misol tarzida 75 ta ijro hujjatlari yuzasidan 82,0 mln. so‘mlik sud qarorlari ijro etilishini; 33 nafar fuqarolarga avtomobillar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini; sog‘liqni saqlash sohasida 93 ta murojaatning ijobiy hal etilishi, jumladan, 13 ta nogironlik aravachasi berilishini; gaz ta'minoti bo‘yicha 41 ta murojaatlarning ijobiy hal etilishini; bank sohasida jami 36 ta, jumladan kredit ajratish bo‘yicha 23 ta murojaatning ijobiy ko‘rib chiqilishi ta'minlanini ta'kidlash lozim.

Uchrashuvlar yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha viloyat va tuman darajasidagi mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Top