17:40 / 30.05.2017
10190

“Toshkent-Aero”da yilning o‘tgan davri mobaynida 26 marotaba xufiyona tekshiruvlar o‘tkazildi

Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda ijtimoiy sherikchilikning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Unda mazkur kompleks shaxsiy tarkibi, xodimlarning ota-onalari, havo yo‘llari orqali tovarlarning eksporti va importini amalga oshirib kelayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi R.Xakimov ishtirok etib, milliy qonunchilikda mazkur illatga qarshi kurashish borasida joriy etilgan normalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davra suhbatida asosiy e'tibor bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida qonunbuzarlikning sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash hamda bojxona organlari saflarini nopok xodimlardan tozalash borasida aniq yo‘nalishga ega bo‘lgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari to‘g‘risida” 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori ijrosi doirasida bojxona organlarida tarbiyaviy profilaktik ishlarni kuchaytirish, shaxsiy tarkibni munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta'minlash, burchga sadoqatini mustahkamlash, tizimga dog‘ tushiruvchi turli salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida davlat bojxona xizmati organlarining odob-axloq qoidalari va ularni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma tasdiqlandi.

“Toshkent-Aero” IBK tomonidan 2017 yilning o‘tgan davri mobaynida 40 dan ortiq profiklatik ma'ruzalar, uchrashuvlar, individual tartibda profilaktik tarbiyaviy ishlar va suhbatlar o‘tkazilgan. Bunga bojxona xodimlarining ota-onalari va oila a'zolarini ham jalb qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, xodimlarning xizmat davomida zimmasiga yuklangan vazifalarni qay darajada ado etayotganligi, hushyorligi va ogohligini sinovdan o‘tkazish maqsadida 26 marotaba xufyona tekshiruvlar o‘tkazilgan. 

Top