Internetda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishdan audioyozuv tarqaldi. Ushbu yig‘ilish qachon va qayerda o‘tkazilgani va unda kimlar ishtirok etgani aniq emas. 

3,5 daqiqalik audioyozuvda yig‘ilish davomida prezident bank sohasi vakillarini qattiq tanqid qilib o‘tganini bilish mumkin. Jumladan, Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayevga tanbeh berilgan. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Rustam Azimovning kerakli darajada ish olib bormagani tufayli iqtisodiy kompleks og‘ir ahvolga kelganini qayd etgan.

Quyida prezidentning ushbu so‘zlari matnga ko‘chirilgan stenogramma keltirilgan.

(Audioyozuv Mirziyoyevning baland ovozdagi so‘zlari o‘rtasidan boshlangan):
- ...Nimaga kerak?! Bunaqa bankir nima uchun kerak?! Bulung‘urda eng kamida 2ta yoki 3ta bank bor. (Zaldan uni kimdir tuzatadi). Ha, 4ta! 30tadan bo‘lsa nechta odam? 120ta odam. U 30ta emas, ko‘p (odam ishlaydigan) bank, katta bank. Ana, 200 odam nima ish qilayapti? Hech balo qilmayapti.

(Prezident zaldagilardan biriga — Bulung‘ur tumani hokimiga yuzlanadi):

- O‘zing so‘ragin, san iqtisod kompleksining rahbari bo‘lgansan. Birov so‘raydimi ulardan, birov pishagini pisht, deydimi u bankirlarning?! Sanga bo‘ysunmaydi! Bo‘ysunmaydi. Viloyat bankiri Bulung‘urga yetib bormaydi, hech qachon. Uning vaqti yo‘q, obed qilishi kerak, Samarqandda. Uxlashi kerak yaxshilab, xurillab, obeddayam borib uxlab keladi, yaxshi ovqat ham yeb keladi.

U bankir-da, u! Voy-vo‘y! Shu o‘ziga xon, o‘ziga bek u! Bulung‘urda birov uning pishagini pisht, demaydi. Har oyda, sherikchisi bor, pulni olib kirib turibdi — tamom! Bu —haqiqat! 4ta bank bo‘lgan davlat idorasi o‘sha, 4ta bank, 120 odam eng kamida, endi uyma-uy yurib, uyma-uy yurib, xalqimizni tadbirkor qilishga banklar vakil! 

Xadjayev! Xadjayev! Xadjayev! (Prezident bu vaqtda stolni birma-bir chertadi). Yana bir marta Saidolim [Saidkamol Xo‘jayev nazarda tutiladi - tahr.], shuni aytayapsanmi, bu noinsoflarga? Yoki sanga ham chora ko‘rishim kerakmi? 

(Uzoqroqdan mikrofonsiz, past ovozda javob berayotgan Xo‘jayevning ovozini tushunib bo‘lmaydi, uning so‘zlarini tinglab bo‘lgach, Mirziyoyev so‘zida davom etgan):

- San o‘zing ayt! Bankiringga piyoda yurish, albatta, yoqmaydi. Yo yoqadimi? Yoqadimi-yo‘qmi?! Yoqmaydi! 10 yil maza qilib yurgan odamni hozir ishlatishning o‘zi bo‘ladimi?! Heh! U sanga bo‘ysunadimi, maza qilib yuribdi-ku, shu oyligini vaqtida oladi, bizdan ko‘p oladi. Kechir, xafa bo‘lma, porani oladi! 3ta kredit bersa, 3ta kreditni bergan (olgan demoqchi - tahr.) odam har kuni unga salom beradi.