08:56 / 31.05.2017
20743

Putin AQSh va NATOni keskin tanqid qildi

Foto: Le Figaro

AQSh va uning NATO bo‘yicha sheriklari, harbiy salohiyatni kuchaytirib hamda alyansni kengaytirib, uzoqni ko‘ra olmaydigan siyosat olib bormoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida shunday fikrni bildirdi.

"Biz uchun bu (NATOning kengayishi) Yevropa hamda Qo‘shma Shtatlardagi sheriklarimiz uzoqni ko‘ra olmaydigan siyosat olib borayotganini anglatadi, ular oldinga qarashayotgani yo‘q – bunday odatning o‘zi yo‘q, g‘arbdagi sheriklarimizda bunday odat yo‘qolib bo‘lgan", - deya ma'lum qildi Putin.

Uning eslatishicha, sobiq Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng amerikalik va yevropalik siyosatchilar Moskvani alyans kengaymasligiga ishontirishgan. Aksincha, yangi umumiy xavfsizlik tizimini yaratish haqida takliflar bo‘lgan. Uni tashkil etish, ehtimol, AQShning raketalarga qarshi mudofaa bo‘yicha Kelishuvdan bir tomonlama chiqishi  va Yevropada RQM elementlarini qurishdan qochish imkonini berardi.

"Balki, bularning barchasi ro‘y bermagan bo‘lardi, biroq bu sodir bo‘ldi, bu orqaga qaytarish mumkin bo‘lgan badiiy film emas. Oldimizda nima turgan bo‘lsa, shundan kelib chiqishimiz kerak. Agarda hozirgi vaziyatdan kelib chiqib ish ko‘rsak, kelajakdan nima xohlayotganimizni aniqlashtirib olish darkor. Hammamiz tinchlik, farovonlik va hamkorlikni istaymiz", - deya ma'lum qilgan Putin.

"Rossiyaning tahdidlari haqida yo‘q bo‘lgan narsalarni, qandaydir gibrid urushlarini o‘ylab topishni bas qiling", - deya chaqirdi u. "O‘zingiz barchasini o‘ylab topib, keyin bundan o‘zingiz ham qo‘rqasiz va shu asosda siyosatni olib borasiz", - deya ma'lum qildi RF prezidenti. "Yagona istiqbol bu – barcha yo‘nalishlar, jumladan, xavfsizlik masalalarida ham hamkorlik qilishdir", - deb hisoblaydi Putin.

Rossiya terrorizm bilan kurashda boshqa davlatlar bilan hamkorlikka tayyor, biroq “o‘zaro shikoyatlar yo‘llamasdan”, haqiqatdan ham harakat qilishga chaqiradi, deya ma'lum qildi Putin.

"Yevropadan so‘rang – biz xohlaymiz. Men bu haqda BMTning 70-yilligida chiqish qilib ham aytgandim, hamda o‘shanda barcha davlatlarning terror bilan kurashdagi sa'y-harakatlarini birlashtirishga chaqirganman", - deya eslatdi u.

Shu bilan birga, Putinning aytishicha, Rossiyaga aksariyat hollarda yevropalik sheriklari bilan muloqot olib borishi qiyin, sababi ularning pozitsiyasi AQShga qarab o‘zgarib turadi. "Kim katta, kim katta emasligini, kim nimaga da'vo qilayotganini aniqlashtirib oling. Biz esa hamkorlikka tayyormiz", - deya ma'lum qildi RF prezidenti.

Putinning tan olishicha, so‘nggi vaqtlarda AQSh bilan munosabatlarda biroz olg‘a siljish bor. "Biz hozirda Suriya janubida mintaqaning barcha davlatlari manfaatini ta'minlash haqida o‘ylamoqdamiz. Men mintaqada muammoga ega bo‘lgan davlatlarni nazarda tutmoqdaman - Iordaniya, Iroq, Suriyaning o‘zi. Va, albatta, biz Qo‘shma Shtatlar, yevropalik sheriklarimiz fikriga quloq tutishga tayyormiz", - dedi u. 

Mavzuga oid
Top