22:04 / 01.06.2017
10146

Rossiya: Eron ShHTda a'zo bo‘lishga keyingi nomzod bo‘lishi kerak

Rossiyaning fikricha, Shanxay hamkorlik tashkilotiga Hindiston va Pokiston qo‘shilgandan keyin, unga to‘laqonli a'zo bo‘lishga navbatdagi nomzod Eron bo‘lishi kerak. Bu haqda Rossiya prezidentining ShHTdagi maxsus vakili Baxtiyor Hakimov ma'lum qildi. 

ShHTning navbatdagi sammiti Ostonada 8-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

"ShHT maydonchasi mintaqadagi barcha davlatlar hisobiga kengayishi kerak. Rossiyaning fikricha, tashkilotga navbatdagi nomzod Hindiston va Pokistondan keyin, bizda ShHTga a'zo bo‘lish uchun mezonlarga to‘g‘ri keladigan boshqa davlatlar bilan bir qatorda Eron bo‘lishi kerak", deb aytdi Hakimov Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida. 

Hakimovning aytishicha, ShHT katta salohiyatga ega.

"Nima uchun ShHT muhim maydon bo‘la olishi mumkin? Hindiston va Pokiston qo‘shilgandan keyin ShHT ega bo‘ladigan salohiyat – jahon yalpi ichki mahsulotining 24 foizi haqida gapirilmoqda. Bugungi kunda biz tashkilotning ulkan geografik qulochi, 18 ta a'zo-davlatlar, kuzatuvchilar va hamkorlar haqida gapirmoqdamiz", deb qo‘shimcha qilgan Hakimov.

ShHT 2001 yilda O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston yetakchilari tomondan tashkil etilgan. 2016 yil iyunda Toshkentda o‘tgan sammitda tashkilotga Hindiston va Pokistonning qo‘shilishi haqidagi memorandum imzolangandi.

Top