11:40 / 02.06.2017
64071

Ekspert: Afg‘onistondagi vaziyat izdan chiqmoqda

Foto: AP

Afg‘oniston poytaxti Kobulning diplomatlar mavzesida sodir etilgan terakt 90ga yaqin kishining umriga zomin bo‘lib, so‘nggi yillardagi eng qonli qo‘poruvchiliklardan biriga aylandi. U, aytish mumkinki, AQSh va uning ittifoqchilari sa'y-harakatlariga qaramay, Afg‘onistondagi vaziyat tobora izdan chiqib ketayotganini ko‘rsatmoqda. Amerikaning yetakchi OAV va ekspertlari shunday fikrni ilgari surishmoqda, deb yozadi TASS agentligi. 

The New York Times nashriga ko‘ra, "Kobulning bu kabi hujumlar qarshisidagi zaifligi shundan dalolat beradiki, mamlakatdagi barqarorlashtirish jarayoni murakkabliklarga duch kelmoqda". Bu holat Afg‘onistonda AQSh ishtirokidagi harbiy mojaro 15 yildan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan, respublikaga taqdim etilayotgan xorijiy yordam hajmi bir necha milliardlab dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa ham kuzatilmoqda. 

Kobul nazoratni yo‘qotmoqda

Nashrning uqdirishicha, "Afg‘onistondagi xavfsizlik bo‘yicha vaziyat 2014 yildan beri yomonlashib keladi". AQSh hukumatining Afg‘onistonni qayta tiklash masalalari bo‘yicha bosh inspektori Jon Sopkoning fikricha, respublika hukumati 2015 yil noyabrida mamlakat hududining 72 foizini nazorat qilgan bo‘lsa, 2016 yil noyabriga kelib, bu raqam 57 foizgacha qisqardi.

CNN telekanalining qayd etishicha, so‘nggi olti oy mobaynida "Tolibon" harakati o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab oldi, xususan, Afg‘oniston shimolidagi Qunduz va janubidagi G‘ilmon viloyatlarida ta'siri kengaydi. Respublika sharqida joylashgan Nangarhar viloyatida IShID terrorchilik guruhi jangarilari paydo bo‘ldi. 

Kobuldagi qo‘poruvchilik uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi, biroq keyinchalik Afg‘oniston Milliy xavfsizlik direktorati bu portlash Pokiston idoralararo razvedkasi yordamida "Haqqoniy tarmog‘i" tomonidan amalga oshirilganini bildirdi. 

Associated Press agentligi baholariga ko‘ra, Afg‘oniston poytaxtidagi portlash respublika hukumatining zaifligini ko‘rsatdi, bu esa, katta ehtimol bilan mamlakatdagi ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish jarayonini qiyinlashtiradi. Bu borada rasmiy hukumat va "Tolibon" harakati o‘rtasida muzokaralarni boshlash uchun bir necha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. So‘nggi vaqtlarda, AP agentligining yozishicha, toliblar yangi muzokaralar imkoniyatini keskin rad etib keldi. 

Toliblar – asosiy tahdid bo‘lib qolmoqda

CNN telekanali ma'lum qilishicha, Afg‘onistonda "Tolibon" harakatining 35 ming atrofida jangarisi harakatlanadi. IShIDning respublikadagi sho‘'basida atigi bir necha yuz kishi bor. Biroq, ularni qo‘llab-quvvatlayotganlar sezilarli darajada bo‘lishi mumkin. "Toliblar Afg‘on hukumati uchun eng jiddiy tahdid hisoblanadi, chunki ular ko‘psonli, yaxshi tashkil etilgan, mamlakatda keng aloqalar va ta'sirga ega. Shu bilan birga, mustahkam siyosiy tuzilmani barpo qila olgan", - deydi CNN. Telekanalga ko‘ra, IShID Afg‘onistonning ayrim tumanlarida o‘z ta'sirini kengaytirish uchun "Tolibon" harakatiga qarshi kurash olib bormoqda, harakat, o‘z navbatida, respublikada "guruhning mustahkamlanib olishiga qarshilik ko‘rsatishga urinmoqda". 

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘onistonda xalqaro koalitsiyaning taxminan 13 ming harbiy xizmatchisi mavjud. Shulardan 8,4 mingga yaqini amerikalik askarlar va ofitserlardir. Ularning aksariyati afg‘on bo‘linmalarini o‘rgatish vazifasini bajaradi va harbiy maslahatchi sifatida faoliyat yuritishmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati esa Afg‘onistonga qo‘shimcha kuchlarni yuborish masalasini muhokama qilmoqda. 

Sopkoning aprel oyida e'lon qilingan so‘nggi hisob-kitoblariga binoan, Afg‘oniston milliy armiyasi va xavfsizlik kuchlarida jami 300 mingdan ortiq kishi xizmat qiladi. Ular, odatda, og‘ir talofatlar ko‘radi. 

Korrupsiya va Pokiston ta'siri

Nyu York Xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengashning so‘nggi hisobotida Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashuviga doir qator omillar keltiriladi. Ulardan biri  - mulozimlar orasidagi poraxo‘rlik, korrupsiyadir. U mahalliy aholi orasida norozilik keltirib chiqarmoqda, shu bilan "Tolibon"ning o‘z safiga yangi tarafdorlarni yollashini osonlashtirmoqda. Bundan tashqari, tahliliy tashkilotning qayd etishicha, respublika hukumati, xususan, prezident Ashraf G‘ani va bosh vazir Abdulla Abdulla o‘rtasidagi qarama-qarshilik tufayli ham "odatda, ko‘plab muammolarni hal eta olmayapti". 

Mamlakatdagi vaziyat keskinlashuviga sabab bo‘layotgan yana bir jiddiy omillardan biri shuki, ""Tolibon" harakati, "Haqqoniy tarmog‘i" va boshqa jangarilar kuchlariga Pokistonning yordam berayotganidir". "Jangarilar Afg‘onistonda zarbaga uchrasa, o‘zlarini Pokistonga olib qochishadi. Ular u yerda qayta shakllanishadi va yangi kuch bilan qaytishadi", - deya ta'kidlaydi kengash. 

AQSh va NATOning Afg‘onistondagi kuchlari qo‘mondoni general Jon Nikolson AQSh Senatining Qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan majlisida respublikadagi vaziyatni "ilojsiz" deb baholagan edi. Shu yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda ishtirok etgan generalning aytishicha, mamlakatga bir necha ming amerikalik harbiylarni jo‘natish talab etiladi. Generalga ko‘ra, bu avvalgi holatni qanday bo‘lsa shundayligicha saqlab qolish, ya'ni toliblarni mag‘lub etmasdan, hukumatning jiddiy zaiflashuviga olib kelmaslikni ta'minlaydi. 

Vashington qanday yordam bera oladi?

Vashingtonning The Hill nashriga joylashtirilgan izohlarda qayd etilishicha, Trampga kiritilgan rejada, Afg‘onistonga qo‘shimcha 5 ming harbiyni yuborishdan tashqari, mamlakatda jangarilarni yo‘q qilish uchun dronlardan yanada faolroq foydalanish, respublika xavfsizlik kuchlariga qo‘shimcha yordam berish tavsiya etilgan. Bu, alaloqibat, Vashingtonga ko‘ra, toliblarni muzokaralar davrasiga o‘tirishga majbur qilishi kerak.  

"Afsuski, so‘nggi 16 yillik tajriba bu choralar bilan ma'muriyat belgilab bergan vazifalarni ado qilib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda", - deyiladi maqolada. Nashrning yodga olishicha, 2009 yil avgustidan 2013 yil avgustigacha Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda 60 mingdan 100 ming nafargacha Amerika harbiylari ishtirok etgan. Biroq, bu ham "na "Tolibon"ni mag‘lub etishga, na tinchlik muzokaralarini boshlash"ga yordam berdi.

"Amerika so‘nggi 16 yil mobaynida 2 mamlakatga bostirib kirdi, uchta tuzumni ag‘dardi va 7ta davlatda harbiy amaliyotlar o‘tkazdi, ammo radikal terrorchilar tahdidi kamayish o‘rniga o‘sdi", - deyiladi nashrda. Unda ta'kidlanishicha, Afg‘onistondagi vaziyatni bir izga tushirishga Amerikaning yangi harbiy amaliyoti emas, balki mahalliy mulozimlar orasida korrupsiyaga barham berish yordam bergan bo‘lar edi. 

Top