Jahon | 08:15 / 02.06.2017
8521
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan voz kechish qaroriga izoh berdi

Foto: Olivier Douliery / DPA / Globallookpress.com

AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey bilan telefon muloqoti o‘tkazib, AQShni iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan olib chiqish haqidagi qarorini tushuntirib berdi.

Tramp suhbat chog‘ida barcha 4 yetakchiga bu masala bo‘yicha olib borgan "ochiq, sermazmun munozaralari" uchun minnatdorchilik bildirgan.

U, shuningdek, xorijlik hamkasblarini "Amerika avvalgidek Transatlantik alyans va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qat'iy sa'y-harakatlar tarafdori ekanligiga" ishontirdi. 

Tramp muloqot davomida AQSh zararli chiqindilarni kamaytirish borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgani va ekologik toza energetika texnologiyalarini rivojlantirishga ko‘mak berayotganini ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, AQSh uning ma'muriyati vaqtida Yerdagi eng sof va ekologik toza davlatga aylanadi.

"Barcha yetakchilar muloqotni davom ettirishga hamda kelgusida ekologik va boshqa masalalar bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar", deb aytilgan xabarda.

Avvalroq Tramp Oq uydagi marosimda AQShning iqlim bo‘yicha kelishuvdan chiqishini e'lon qilgandi. Tramp AQSh Parij kelishuviga qayta kirish yoki "AQSh, uning korxonalari, ishchilari, odamlari va soliq to‘lovchilari uchun adolatli shartlarga asoslangan yangi bitim" tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borishni boshlashini aytgan.

Yevropa Ittifoqi ma'muriyati hamda ittifoqning bir qator yetakchi davlatlari Trampning bu qaroridan hafsalalari pir bo‘lganini ma'lum qilishgan.  

Mavzuga oid