12:04 / 03.06.2017
21554

O‘zbekiston TAPH loyihasida ishtirok etishga tayyorlanmoqda

To‘liq bo‘lmagan ikki oy ichida O‘zbekiston prezidentining qo‘shni Turkmanistonga tashrifi, aytish mumkinki, mintaqaviy sensatsiya bilan yakunlandi, deb yozadi  Asqar Mo‘minov o‘zining Qozog‘istonning «Atameken» biznes telekanali rasmiy saytida e'lon qilingan tahliliy maqolasida.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy yuksalishni maqsad qilgan

Rasmiy Toshkent Ashxobod bilan birgalikda jafokash TAPH loyihasida ishtirok etish istagini bildirgan. O‘z navbatida, «O‘zbeknftegaz» milliy holding kompaniyasi va «Turkmennebit» davlat konserni Kaspiy dengiznining turkman shelfida birgalikda neft qidiruv ishlari olib borish borasidagi hamkorlikni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi. 

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida xabar qilinishicha, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston (TAPH) gaz quvuri loyihasi amaliy bosqichga yetkazilgan, shuningdek, Ashxobod Afg‘onistonga elektr energiyasi uzatilishini bir necha karraga oshirish taraddudida. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev TAPH loyihasida ishtirok etish taklifini bildirgan. Ilgari ushbu loyihida ishtirok etish istagini Qozog‘iston ham bildirgan edi. 

«Biz Turkmanistonning TAPH gaz quvurini yotqizish niyatini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu loyihada ishtirok etamiz», — degan edi Nursulton Nazarboyev 2014 yilda Turkmanistonga tashrifi chog‘ida. 

Toshkentning ihotalangani tarixda qoldi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi ilk bor Kaspiy dengizi shelfida neft qazib olish bilan shug‘ullanishini aytib o‘tdi, tomonlar O‘zbekiston energiya tizimidan foydalanib Turkmanistondan Qozog‘iston va Qirg‘izistonga elektr energiyasi tranziti masalasida ham kelishib olishdi. Shunday qilib, Toshkent Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy tizimini tartibga solish bo‘yicha jiddiy taklif berdi. Ekspertlarning qayd etishlaricha, Toshkent uchun Kaspiy shelfida ishlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmaydi, Ashxobod bilan birgalikda bo‘ladi, albatta. TAPH loyihasiga kelsak, uning istiqbollari hali-hanuz xira. Moskva bu loyihani mintaqadagi hamda Yevropa bozorlaridagi o‘zining gaz sohasidagi gegemonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi sifatida qabul qilishini hisobga olsak, shuningdek, loyiha Afg‘onistondek beqaror davlat bilan bog‘liqligi inobatga olinsa, uning amalga oshirilishi katta so‘roq ostida turibdi. 

abctv.kz tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan ekspertlar har qanday holatda O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy siyosatini jiddiy qayta ko‘rib chiqishi, avvalgiga nisbatan qo‘shnilar bilan mustahkam aloqa muhim o‘rin egallaydi, deya hisoblashmoqda. 
 
Janubiy Koreyaning Hankuk mintaqashunoslik universiteti dotsenti Ravshan Ibrohimovning qayd etishicha, yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning harakatlariga baho berish uchun hali erta, uning tashqi siyosat doktrinasiga umumiy baho berish uchun yetarli vaqt o‘tishi kerak. Biroq ayrim parametrlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Islom Karimovdan farqli o‘laroq, Mirziyoyev o‘z mamlakatining nafaqat geosiyosiy manfaatlari, shuningdek, geoiqtisodiy manfaatlariga ham asoslanmoqda, shu sababli munosabatlarning qayta quvvatlanishi kuzatilmoqda. 

Ekspertlarning fikricha, bu vaziyatda O‘zbekistonning TAPHga qo‘shilishi uning uchun hech qanday tavakkalchilik keltirib chiqarmaydi. Agar quvur ishga tushadigan bo‘lsa O‘zbekiston o‘z gazi eksportini diversifikatsiyalash imkoniga ega bo‘ladi. Ekspertlarning fikricha, umuman olganda, Toshkent qo‘shnilar bilan munosabatlarni va iqtisodiy aloqalarni yaxshilash tarfdori ekanligini namoyish etib, mintaqaviy transport loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirmoqda. Chunki bu mamlakatning unikalligi shundaki, o‘zi ham, uni o‘rab turgan geografik qo‘shnilari ham ochiq dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydi. 

Afg‘on muammosiga urg‘u bergan holda...

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Arkadiy Dubnovning qayd etishicha, TAPH loyihasi g‘oyasiga yaqinda 20 yil bo‘ladi va u investorlar hamda xorijiy moliya tashkilotlari uchun u qadar qiziq emas. Gap shundaki, Afg‘onistondagi beqaror vaziyat tufayli loyihaning amalga oshirilishi uchun tahdidlar juda ko‘p. Ekspertning fikricha, iqtisodiyoti gaz ekportiga bog‘liq bo‘lgan Turkmanistonga pul va investitsiyalar zarur, shuningdek, ular xalqaro qo‘llab-quvvatlovga ham muhtoj. O‘zbekiston esa yangi prezidenti boshchiligida o‘zining yaqin va qardosh qo‘shnisiga birodarlik qo‘lini uzatmoqda, deya ta'kidlagan Dubnov. 

«O‘zbekiston turkman loyihalariga o‘zining manfaatlarini ko‘zlab qatnashishni rejalashtirgan, uning sanoat salohiyati ham bunga qodir, albatta. Mirziyoyevning ambitsiyalari bilan quvvatlantirilayotgan, ihotalanishni tark etish jarayoni esa O‘zbekistonni mintaqaviy yetakchi sifatidagi nufuzini oshiradi. Albatta, O‘zbekiston Kaspiybo‘yi jamoasining oltinchi a'zosiga aylanmoqchi emas, lekin uning yordamida Turkmanistonning bu yerdagi vazn koeffitsiyenti oshadi», — degan Dubnov. 

«Janubiy Kavkaz» siyosatshunoslar klubi rahbari Ilg‘or Valizodaning qayd etishicha, TAPH — asosan AQSh tomonidan qo‘llanilayotgan turkman loyihasidir. Shunday qilib, TAPHga a'zo bo‘lish masalasi gazi Pokiston va Hindistonga sotilishi mo‘ljallanayotgan aynan Ashxobodning qo‘lida. Binobarin, TAPHdagi o‘zbek gazi — bu raqobat xarakteridagi yonilg‘i bo‘ladi. Biroq bu masalaga yuzaki qaralganda olingan xulosa, deydi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatga jiddiy qaralsa, bu gaz quvurini amalga oshirishda yaqqol muammolar ko‘zga tashlanib turibdi. Turkmanistonning moddiy vositalari ham, siyosiy nufuzi ham o‘z mablag‘lariga tayanib loyihani yakunlash uchun yetarli emas. Uzoq yillar mobaynida loyihani moliyalashtirish uchun real hamkorlarni jalb etishning iloji bo‘lmadi. Toshkent esa janubiy bozorlar borasida katta qiziqish bildirgan va Turkmanistonga kerakli yordamlarni ko‘rsata oladi, deydi Valizoda. 

«TAPHda O‘zbekistonning ishtiroki uning kapitalizatsiyasini yaqqol oshiradi, nafaqat daromadlar, shuningdek risklarni ham bo‘lishish imkonini beradi. Bu esa hozirgi bosqichda juda muhim. Kaspiy dengizi shelfida neft qazib olishda O‘zbekistonning ishtiroki borasida shoshilinch xulosalar chiqarilmasligi kerak. Toshkentning Kaspiydagi qiziqishlari o‘ta pragmatik va bugungi kunda asosan transport tarkibiy qismi jihatidan cheklangan edi. Unga energetika ham qo‘shiladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi», — dedi siyosatshunos.

Quvurlar integratsiyasi orqali mintaqa integratsiyasi

Bilig Brains loyihasi eksperti, siyosatshunos Rasul Arinning qayd etishicha, TAPH loyihasiga 1995 yilda asos solingan. O‘shanda loyiha shunchaki TAP deb atalardi, Hindistonsiz. 2008 yildan boshlab Hindiston ham loyihaga qo‘shilgach, loyiha TAPI ko‘rinishiga keldi. Endi O‘zbekistonning loyihaga qo‘shilishi nafaqat loyihaning ismini uzaytirishi (UTAPI?), balkim uning amalga oshirilish ehtimolini ikki sababga ko‘ra tezlashtirishi mumkin.

Birinchidan, O‘zbekiston ham Turkmaniston singari yaxshigina gaz zaxiralariga ega. Muammolarning bittasi Turkmanistonning gaz quvurini to‘liq hajmdagi yoqilg‘i bilan ta'minlay olish salohiyati shubhali ekanligida. Shu sababli, Toshkentning qo‘shilishi bu shubhalarni tarqatadi.

Ikkinchidan, Afg‘on uchastkasidagi barqarorlik va xavfsizlik omili. «Tinchlik quvuri» (peace pipeline) tushunchasi bor, unga ko‘ra davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar rivojlanib, ularning yaqinlashishi va yarashishiga xizmat qiladi hamda tomonlarga tinchlik va barqarorlik mojarolardan ko‘ra karrasiga foydaliroq ekanligini ko‘rsatib beradi. O‘zbekistonning Afg‘oniston chegeraoldi hududlariga ta'siri o‘z-o‘zidan tushunarli. Pokiston ham manfaatdor tomon sifatida Afg‘onistonda barqarorlik hukm surishiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik o‘ta muhim xavfsizlik masalasi hisoblanadi. Garchi bu yerda O‘zbekistonning roli qisman bo‘lsa-da, TAPH loyihasi yo‘lidagi ikkinchi to‘siqni yengib o‘tishda qo‘l kelishi mumkin.

«Ushbu loyihada Qozog‘istonning ham ehtimolli ishtiroki tilga olib o‘tildi. Hattoki yonilg‘i yetkazib beruvchi sifatida istiqbolda Rossiyaning ham ishtiroki nazardan qochirilmayapti. TAPH loyihasi Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya bir tomondan gaz yetkazib beruvchilar sifatida, ikkinchi tomondan Pokiston va Hindistonni yakuniy iste'molchilar sifatida birlashtirishi mumkin. Keyinchalik Hind okeani orqali boshqa iste'molchilarga ham gaz yetkazib berilishi mumkin. Qiziqish bildirgan tomonlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, TAPHning tatbiq etilish salohiyati ham shunchalik katta bo‘laveradi. O‘z navbatida, ishlab turgan TAPH — mintaqadagi barqarorlikning kalitidir. Abstrakt g‘oyalar asosida emas, muayyan iqtisodiy loyihalar asosida tinchlikni qurish osonroq. Bitta muvaffaqiyatli loyiha esa boshqa bir muhim iqtisodiy tashabbuslarga yo‘l ochib berishi mumkin», — deya ta'kidlagan Rasul Arin. 

Siyosatshunosning qayd etishicha, O‘zbekiston shu vaqtgacha xalqaro siyosatda bunday tashabbuslarga nisbatan ishonchsizligi va pragmatikligi bilan dovrug‘ qozongan edi. Shu sababli uning loyihaga qo‘shilayotgani — loyihaga nisbatan ham o‘ziga xos ishonch indikatori bo‘lib xizmat qiladi. 

«Mirziyoyevning ilk xorijiy safari aynan Turkmanistonga, Gurbanguli Berdimuhammedov huzuriga bo‘lgan edi. Ularning umumiy jihatlari ko‘p. Ikkisi ham o‘z mamlakatlarining ikkinchi avlod rahbarlari sanalishadi. Ikki mamlakat ham tashqi dunyo bilan nisbatan kamtar munosabatda. Har ikki yetakchining yangi siyosati iholatanganlikdan chiqishga qaratilganligi bilan o‘xshash. O‘zbekiston allaqachon Turkmaniston bilan hamkorlik qilmoqda. Toshkent ham ishtirok etayotgan Turkmaniston – Xitoy gaz quvurining D liniyasi bor, to‘g‘ri, hali u ishga tushirilmagan. Kelgusida quvurlar integratsiyasi orqali bunday loyihalar Markaziy Osiyoning umumiy iqtisodiy chambarchasligi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin», — deya o‘z fikrini yakunlagan Rasul Arin.

Top