01:15 / 03.06.2017
44154

O‘zbekistonda yong‘oq plantatsiyalarini kengaytirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi

Foto: Wikimedia

1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror lalmi yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish va samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘lgan yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yong‘oq plantatsiyalarini barpo qilish hamda yong‘oq yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, «Sag agro» va «Sam antep gilam» MChJlarning taklifiga ko‘ra, yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tuzilmoqda. Uyushma tarkibida MChJ shaklida Yong‘oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi, Yong‘oq logistika markazi, «Sag agro MTP» MChJ, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida hududiy «Yong‘oqagro» MChJ tashkil etiladi.

Qisqacha qilib aytganda, uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • mahalliy tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan yong‘oqning serhosil zamonaviy plantatsiyalarini yaratish;
  • respublika hududlarida yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
  • yong‘oqning serhosil nihollarini laboratoriya sharoitlarida yetishtirishni tashkil etish;

«Sag agro» MChJ va «Sam antep gilam» MChJ, «Yong‘oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi» MChJ, «Yong‘oq logistika markazi» MChJ, «Sag agro MTP» MChJ, shuningdek, hududiy «Yong‘oqagro» MChJlari Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining muassislari hisoblanadi.

«Yong‘oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi» MChJ yong‘oqni mahalliy iqlimga moslashtirish va rayonlashtirish, serhosil, tez pishar, qurg‘oqchilikka chidamli va virussiz navlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi;

«Yong‘oq logistika markazi» MChJ yong‘oq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga, shuningdek, eksport qilinadigan mahsulotlarni tayyorlash va bojxona hujjatlari rasmiylashtiruvini ta'minlashga ixtisoslashadi;

«Sag agro MTP» MChJ yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatadi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (rahbari Z.Mirzayev boshchiligidagi ishchi guruh), Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda 2017–2021 yillarda yong‘oq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqadi.

Dasturda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

birinchi bosqichda (2017–2019 yillar) – yong‘oq ko‘chatlarini respublikaga olib kelish;

ikkinchi bosqichda (2018–2019 yillar) – yong‘oqni payvandlash uchun payvandtaglarni keltirish;

uchinchi bosqichda (2020 yil) – laboratoriya sharoitida yong‘oqning tegishli mintaqa tabiiy-iqlim sharoitlariga mos yuqori hosildor navlarini ishlab chiqarish;

to‘rtinchi bosqichda (2018–2020 yillar) – yong‘oq yetishtirish va uni ichki hamda tashqi bozorda sotishni yo‘lga qo‘yish.

Yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan chetdan olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tomchilatib sug‘orish uskunalari, maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari, yong‘oq ko‘chatlari, payvandtaglari, payvandustlari, onalik materiallari, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida, bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) 2020 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga ozod etiladi.

Loyihalarini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari rasmiylashtiriladi.

Top