15:19 / 05.06.2017
36949

Yaqin Sharqni o‘zgartirgan 6 kun yoxud arab millatchiligiga berilgan ulkan zarba 

50 yil muqaddam Isroil Misrga havo orqali ogohlantiruvchi zarba berib, Olti kunlik urushni boshlagan edi.

Isroil zirhli mashinalari. Sinay yarimoroli. 1967 yil. Foto AP

1967 yilning 5 iyunida Isroil Misrga ogohlantiruvchi zarba berib, arab qo‘shnilariga qarshi Olti kunlik urushni boshlagan edi. Olti kun davom etgan harbiy harakatlarda Isroil G‘azo bo‘lgasi, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili, Sharqiy Quds, Javlon tepaliklari va Sinay yarim oroli ustidan nazorat nazoratni qo‘lga oladi. Natijada, yarim millionga yaqin falastinlik o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishadi.

«Gazeta.Ru» arab-isroil mojarolarining burilish nuqtasi bo‘lgan Olti kunlik urushning borishi va oqibatlari haqida hikoya qiluvchi material e'lon qildi

Dushmanlar qurshovida

1967 yilning 5 iyunida Isroilning shu vaqtgacha turli hodisalar ro‘y berib turgan Misr va Suriya bilan chegaradosh hududlaridagi mojarolar qurolli qarshilik bosqichiga ko‘tarildi va Olti kunlik urush deb nomlandi. Uning oqibatlari Isroilning mintaqadagi o‘rnini butkul o‘zgartirib yubordi: urushgacha yahudiylar mamlakati hanuz mavjud bo‘lib turganining o‘zini ko‘pchilik mo‘'jiza hisoblab kelayotgan edi.

Isroil mustaqil yahudiylar davlati bir tomonlama tartibda 1948 yilning 15 mayiga o‘tar kechasi e'lon qilingan. O‘shandan beri mamlakat faktik jihatdan qurshov holatida yashab kelgan: uni qo‘shnilari bo‘lmish arab davlatlari o‘rab turar va ularning umumiy maqsadi — Isroilni yo‘q qilish edi. Isroil mustaqilligi e'lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, qo‘shnilar — Livan, Suriya, Iordaniya va Misrning qo‘shinlari uning to‘rt tarafidan bostirib kirib, birinchi arab-isroil urushini (1948–1949) boshlab berishadi.

1967 yilning yoziga kelib Isroilning arab qo‘shinlari har jabhada undan ustun edilar: ularning harbiy askarlari soni ham ko‘p edi, qurol-yarog‘i ham, xorijdagilarning qo‘llovi ham. Arab bloki davlatlarida qurol-yarog‘ soni tezda o‘sa boshladi: bunga ayniqsa Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga milliardlab dollarga qurol yetkazib turgan SSSR sababchi edi. Bularning fonida Isroil tashqi qo‘llovni yo‘qotayotgan edi: yahudiylar davlatiga qurol sotishning uning eng yirik hamkori — AQSh ham rad etadi. Vashingtonning bu qarorga kelishiga sabab, Isroilning 1956 yilgi, «Suvaysh krizisi» deb nom olgan ikkinchi arab-isroil urushida ishtiroki edi.

Shundan so‘ng, 1957 yilda Suvaysh kanali zonasida Isroil va Misrni ajratib turuvchi BMT tinchlikparvar kuchlari joylashtiriladi, biroq oradan 10 yil o‘tgach, Misr prezidenti Jamol Abdunnosir ular hududdan chiqarilishini talab qilib, Sinay yarim oroliga yana qo‘shimcha qo‘shin tortib keladi. Misrning bunday yo‘l tutishiga Isroilda Misrga nisbatan tajovuzkor reja borligini aytgan sovet ittifoqi, shuningdek, Qohiraning harbiy texnika arsenali miqdori ko‘payganini Isroilga qarshi qo‘llashga ishontirgan Suriya undaydi.

Natijada, Isroil chegaralarida yarim millionga yaqin harbiy, ikki mingta tank va 500dan ziyod zamonaviy harbiy samolyotlar to‘planadi. Misrning Isroilga bostirib kirishi muqarrar hodisaga aylanadi. Eng yaqin qo‘shnilar — Suriya, Livan va Iordaniyadan tashqari mojaroda Saudiya Arabistoni, Jazoir, Iroq va Kuvayt ham ishtirok etishga tayyor edi.

Kutilmagan g‘alaba

1967 yilning bahorida arab bloki davlatlari o‘z qurolli kuchlarini jangovar holatga keltirishadi. Misr va Iordaniya may oyi oxirlarida yalpi safarbarlik e'lon qilishadi, Suriya esa Javlon tepaliklari yaqinida o‘z qo‘shinlarini yig‘a boshlaydi. Misrga, shuningdek, Jazoirdan, Iordaniyaga esa Iroqdan qo‘shin jo‘natiladi. Qohira va Ammon o‘zaro mudofaa haqida bitim tuzishadi.

Arab qurolli kuchlarining Isroilga bostirib kirishi yahudiylar davlatining yo‘q qilinishiga olib kelishi shubhasiz edi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun isroillik harbiylar dushmanga qo‘qqisdan hujum qilishadi. 1967 yilning 5 iyunida — Olti kunlik urushning birinchi kunida Isroil aviatsiyasi Misrga ogohlantiruvchi zarba beradi.

Reyd ertalab soat 7:45da boshlanadi: isroillik harbiylar bir vaqtning o‘zida Misrning 20ta aerodromiga hujum qilishadi. Oradan uch soatcha vaqt o‘tib, soat 10:30da Misr harbiy-havo kuchlari butunlay yakson qilinadi.

Misrlik harbiylar uchun bu hujum mutlaqo kutilmaganda yuz beradi: hujum uyushtirilgan chog‘da HHK uchuvchilarining aksariyati nonushta qilishayotgandi.

Urushning birinchi kunida Suriya va Iordaniya harbiy havo kuchlari Isroil pozitsiyalariga hujum qilishga urinib ko‘rishadi, biroq isroillik harbiylar javob zarbasini beradi. Natijada, Suriya va Iordaniyaning ham butun harbiy aviatsiyasi yakson qilinadi va shu yo‘l bilan Isroil havodan keladigan tahdidni yo‘q qiladi. 

6 iyun kuni Isroil harbiylari Sinay yarimorolida misrlik harbiylarni tor-mor etib, ularni chekinishga majbur qilishadi. Urushning to‘rtinchi kuni 8 iyunda Sinay to‘liq Isroil nazorati ostida bo‘ladi.

Foto AP

Isroil qo‘shinlari harakat qilgan ikkinchi yo‘nalish — O‘rdun fronti deb ataluvchi, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili bo‘ldi. Bu bo‘lgada asosan birinchi arab-isroil urushi yakunlariga ko‘ra Qudsning eski shahar qismini egallab olgan iordaniyalik harbiylar Isroilga qarshi janglarda ishtirok etishgan. 7 iyun kuni uch kunlik qaqshatkich janglardan so‘ng Isroil kuchlari eski shaharni egallab olishadi va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili ustidan nazorat o‘rnatishadi.

Uchinchi, Suriya frontida urushning dastlabki to‘rt kuni nisbatan osoyishta o‘tadi. Suriya harbiylarining Javlon tepaliklaridagi pozitsiyasi nisbatan kuchli, Isroil armiyasining katta qismi Sinaydagi va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidagi urushda qatnashayotgan edi. Isroil davlati tashkil etilganidan buyon Javlon tepaligidan turib Isroil manzilgohlari ko‘p bora o‘qqa tutilgan, shu sababli yahudiylar bu tepalik ustidan nazoratni qo‘lga kiritishga intilishardi. 9 iyun kuni ular Suriya harbiylari pozitsiyasiga hujum boshlashadi va oradan sutka o‘tmay yahudiy harbiylari Javlon tepaligini egallashadi. Ertasi kuni SSSR va AQShning aralashuvi bilan mintaqada harbiy harakatlarga chek qo‘yiladi. (Kim bilsin deysiz, shunday qilinmasa Isroil Damashq, Qohira va Ammongacha bostirib borgan bo‘larmidi?..) 

Olti kunlik urush yakunlari isroilliklarning o‘zi uchun ham mutlaqo kutilmagan tarzda bo‘ldi. Misr, Suriya va Iordaniya armiyasiga son jihatidan bir necha bor yutqazuvchi Isroil armiyasi olti kun ichida 68,7 ming kvadrat kilometrga maydonni bosib oladi: G‘azo bo‘lgasi, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili, Qudsning sharqiy qismi, Suriyaning javlon tepaliklari va Misrning Sinay yarim oroli.

Urush mobaynida Isroil tomonining yo‘qotishlari o‘ldirilgan 800 harbiy, 2,5 ming yarador bilan o‘lchangan bo‘lsa, arab kuchlari 15 ming askardan mahrum bo‘lishgan.

Isroilning qurollari va harbiy taktikasi

1956 yilda Suvaysh krizisi yakunlangach, Isroil Olti kunlik urushgacha qo‘shnilari bilan birorta harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etmagan edi. Ana shu 11 yil Isroil armiyasining ravnaqiga xizmat qildi, u son sifatidan ham, sifat sifatidan ham o‘sib, yaxshilab qurollantirildi. Suvaysh krizisidan so‘ng Isroil mudofaa kuchlarida qudratli tank bo‘linmalari birinchi o‘ringa ko‘tarildi. 

Sokinlik yillarida Isroilda 250 ga yaqin Centurion britan tanklari va Amerikaning 200 ta M48 (Patton III) tanki paydo bo‘ladi, shuningdek «yer–havo» sinfidagi «Hok» boshqariluvchi zenit raketalari xarid qilingan edi. Amerikaning M4 Sherman tipidagi 200 ga yaqin eski tanklari fransuzlarning 105 mmli quroli bilan jihozlanib, modernizatsiya qilinadi. Isroil armiyasining ikki bataloni amerikaliklarning 105 mmli o‘zi yurar M7 «Prist» gaubitsalari bilan ta'minlanadi.

Isroil armiyasining tank qismlarini qo‘llash uchun 120 mmli minomyotlar, yarimgusenitsali zirhli mashinalarga o‘rnatilgan 90 mmli tankka qarshi to‘plar va SS-11 radioboshqariluvchi reaktiv snaryadlardan foydalanilgan. Isroil piyoda qo‘shinlarining bosh quroli Belgiyaning o‘zi zaryadlanuvchi, kalibri 7,62 mm bo‘lgan FN/FAL vintovkasi bo‘lgan. Parashyutchilar, kommandos bo‘linmalari, piyoda qismlar zobitlari va tank ekipajlari Isroilning Uzi to‘pponcha pulemyotidan keng foydalanishgan.

1956 yilga qadar Isroil armiyasi harakatlanish tezligiga katta e'tibor qarata boshlagan: piyoda qismlar qisqartirilib, zirhli tank va motorlashtirilgan brigadalar soni oshirilgan. Tank brigadasi har birida 50tadan tank bo‘lgan 2ta batalondan, kamida bitta yarimgusenitsali zirhli mashinalardagi motopiyodalar batalonidan iborat edi. Olti kunlik urushda Isroil qurolli kuchlarining 21ta brigadasi ishtirok etgan: to‘qqizta zirhli tank, uchta tank-piyoda, olti piyoda va uchta parashyutchilar.

Isroil armiyasida tunda urush harakatlari olib borish sirlari puxtalik bilan o‘rgatilib kelingan, bu esa yahudiylarga Sinayda Misr armiyasi bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda juda asqotadi. 

Misrliklar artilleriya, mina maydonlari, tanklar, simtikan va qum tepaliklari bilan mudofaa qilishgan. Misr artilleriyasini ishdan chiqarish uchun Isroil desantchilari tunda misrliklarning orqa tomoniga o‘tadi, shundan so‘ng isroilliklar piyoda qo‘shinlari tank va artilleriya jo‘rligida Misr pozitsiyalariga hujum uyushtirishadi. Ertasi kuni ertalab isroilliklar Suvaysh kanaliga eltuvchi yo‘lga chiqishadi. Bu — Isroilning Olti kunlik urush davrida qo‘lga kiritgan eng katta muvaffaqiyati bo‘ladi.

Isroil Javlon tepaliklarini qo‘lga kiritishni Suriya chegarasiga beshta piyoda brigada bilan hujum qilish bilan boshlaydi. O‘rdun daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idan Javlon tepaliklariga qo‘shimcha tank brigadalari tashlanadi. Oldinda mina va boshqa to‘siqlardan yo‘lni tozalab ketayotgan buldozerlar borardi. Baland va tik qoyalar oldida suriyaliklarning blindajlardan tutib o‘qqa tutishi tufayli Isroilning ko‘plab tanklari yo‘q qilinadi.

Isroilning Olti kunlik urushida g‘alaba qozonishiga sabablardan biri — Isroil armiyasi tank bo‘linmalariga qo‘mondonlik bilan yoki mashinalar o‘rtasida aloqa yo‘qotilgan taqdirda ham maqsad sari ilgarilayverish buyrug‘i berilgan edi. 

Masalan, Sinay shimolidagi Al-Arish shahrini egallashga bor-yo‘g‘i 12 soat sarflangan, garchi bunga 24 soat reja qilingan bo‘lsa-da. Chunki tanklar qayta guruhlanish uchun to‘xtamasdan, harbiy safda o‘z o‘rnini topib olish uchun qo‘shimcha vaqt sarflashmaydi.

Foto AP

Urush oqibatlari

Olti kunlik urushda arab davlatlarining mag‘lubiyati Isroil qo‘shnilari — Suriya, Livan, Misr va Iordaniyaning o‘zini-o‘zi tushunishiga ta'sir o‘tkazgan, — deydi Iordaniya HHK generali Mahmud Erdisat: «Bu arab millatchiligiga berilgan qattiq zarba edi».

Olti kunlik urush tugaganidan 6 yil o‘tib, arab davlatlari yo‘qotilgan hududlarini qaytarib olishga urinib ko‘rishadi. Misr 1973 yilning oktabrida Tunis, Marokash, Jazoir, Iroq, Sudan va Saudiya Arabistoni qo‘shinlari bilan birgalikda Isroil harbiylarining pozitsiyalariga hujum qilib, «Oktyabr urushi»ni boshlaydi. Urush bir oydan kamroq vaqt davom etadi, biroq u Falastin qarshilik harakati rivojiga katta ta'sir o‘tkazadi. Harakat Isroil davlatiga asos solingan dastlabki yillarda paydo bo‘lgan esa-da, «oktabr urushi»dan so‘ng radikallasha boshladi: aynan 1970-yillarda falastinliklar terrordan kurash usullaridan biri sifatida keng foydalana boshlashgan.

Olti kunlik urush Yaqin Sharqdagi mojarolar tarixida burilish nuqtasi bo‘lgan va uni arab-isroil mojarosidan falastin-isroil mojarosiga aylantirgan. Olti kunlik urush chog‘ida musulmon hamjamiyati tomonidan falastinliklarga simpatiya o‘zining eng cho‘qqisiga chiqqan va hanuzgacha shu darajada saqlanib turibdi.

Urush natijalari Falastin xalqining milliy intilishida ham o‘z aksini topgan: Isroil okkupatsiyasi kurashga chorlashda bosh mavzu bo‘lib, hanuzgacha xalqaro kun tartibidan tushmay kelmoqda.

Olti kunlik urushdan so‘ng yarim millionga yaqin falastinliklar o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishadi, chunki ular istiqomat qilib kelgan go‘shalar Isroil nazorat ostiga o‘tadi. Falastinlik arablarning qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirilishi birinchi arab-isroil urushidan keyin yuz bergan, u urush yakuniga ko‘ra BMT bosh assambleyasining №181-sonli rezolyutsiyasiga bilan arab davlati tashkil etish uchun ajratilgan hududning ham katta qismi Isroil tomonidan bosib olingan. O‘shanda yarim millionga yaqin falastinlik arablar o‘z uylarini tashlab chiqishgan.

1980 yilda falastinliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, so‘ralganlarning katta qismi (41 foiz) mintaqada arab-isroil mojarosiga chek qo‘yish uchun Olti kunlik urushgacha bo‘lgan chegaralar o‘rnatilishi lozimligini ta'kidlashgan. Muxtoriyatning 78 foizi Isroil davlati urush yakunlariga ko‘ra, yahudiylar davlati qismiga aylangan hududlarga falastinlik qochkinlarning kelib joylashish huquqini tan olmog‘i lozim.

Isroil millatchilari uchun Olti kunlik urush Isroil tarixidagi muhim muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi va mamlakatning strategik joylashuvini to‘liq o‘zgartirib yubordi. Falastinliklar uchun 5–10 iyun bu Falastinda arab davlati barpo etish imkoniyatini yanada yiroqlashtirgan harbiy okkupatsiya sanasi hisoblanadi.

Top