Jahon | 10:46 / 05.06.2017
50186
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rt arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari mintaqani beqarorlashtirayotganlikda ayblab, Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi, deb xabar beradi Bi-bi-si.

Bu mamlakat hukumatlari Qatar terrorchilik guruhlarini, jumladan «Musulmon birodarlar»ni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta'kidlagan.

Saudiyaning SPA davlat axborot agentligi Ar-Riyod Qatar bilan havo chegaralarini ham yopgan va barcha yerusti, dengiz va havo qatnovlariga chek qo‘ygan.

Agentlik rasmiy shaxslardan iqtibos keltirib, unga ko‘ra bu choralar «milliy xavfsizlikni terrorizm va ekstremizm xavfidan himoya qilish uchun» amalga oshirilganligini e'lon qilgan.

Misr ham, shuningdek, Qatar bilan dengiz va havo qatnovlarini bas qilgan, deb xabar beradi mamlakat tashqi ishlar vaziri.

BAA esa qatarlik diplomatlarga mamlakatni tark etish uchun 48 soat ajratgan. Abu-Dabi Qatarni terrorizm, ekstremizm va sekta tashkilotlarini moliyalashtirishda ayblagan, deya xabar beradi WAM davlat axborot agentligi.

Bahrayn davlat yangiliklar agentligining xabar berishicha, mamlakat Bahraynning ichki ishlariga aralashganligi va Qatar tomonidan mintaqada xavsizlik va barqarorlikka tahdid solinayotgani uchun diplomatik aloqalarni uzgan.

Yamandagi Xutu viloyatida ayirmachilar bilan kurashayotgan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya ham Qatarni alyansdan chiqarib yuborgan va buni Doha «terrorchilikni amalda qo‘llayotgani va mustahkamlayotgani»dan tashqari, uning «Al-Qoida», IShID kabi tashkilotlarga xayrixoh bo‘layotgani va ayirmachilar bilan aloqalari borligi bilan tushuntirgan, deb xabar beradi Saudiyaning SPA agentligi.

To‘rt yirik nufuzli arab davlati bilan diplomatik aloqalarning uzilganligiga Doha hozircha rasmiy reaksiya bildirmagan. Ilgariroq Qatar hukumati terrorizmga xayrixohlik  ayblovlarini rad etib, unga nisbatan tuhmat kampaniyasi o‘tkazilayotganini bayon qilgan edi.

Mavzuga oid