15:44 / 06.06.2017
8566

London meri Trampning Britaniyaga davlat tashrifini bekor qilishni taklif qildi

London meri Sodiq Xon AQSh prezidenti Donald Trampning joriy yilning kuz mavsumiga belgilangan davlat tashrifini bekor qilishni taklif qildi. Bunday bayonotga Londondagi teraktlardan keyin Oq uy rahbarining shahar merini tanqid qilgan qator tvitlari sabab bo‘ldi. Daily Telegraph shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi. 

"AQSh prezidentining siyosati biz himoya qilayotgan barcha jihatlarga qarshi bo‘lib turgan sharoitlarda uning poyiga qizil gilam to‘shashimiz kerak, deb o‘ylamayman", - dedi Xon. Shu bilan birga London meri bu ikki mamlakat o‘rtasidagi alohida ahamiyatga ega bo‘lgan hamkorlikka ziyon yetkazadi deb hisoblamaydi. "Munosabatlaringiz alohida ahamiyatga ega bo‘lganda, bu yaqin do‘stingiz bilan bo‘lgan vaziyatdan farq qilmaydi - siz u bilan sinov davridasiz, lekin u haq bo‘lmagan vaziyatda uni tanqid qilasiz. Donald Tramp nohaq bo‘lgan vaziyatlar ko‘p", - qo‘shimcha qildi u. 

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson esa bunga qarama-qarshi pozitsiyani yoqlamoqda. 

"Taklifnoma yo‘llab bo‘lingan va qabul qilingan, uni qayta ko‘rib chiqishning hojati yo‘q deb o‘ylayman", - dedi Jonson. "U (Xon) o‘z shahri aholisini tinchlantirib, ko‘chalarda qurollangan politsiyachilar yurganidan ogohlantirib, mutlaqo to‘g‘ri ish qilgan", - deya poytaxt merini qo‘llab-quvvatladi Britaniya TIV rahbari. 

Hammasi 4 iyunga o‘tar kechasi sodir etilgan teraktdan keyin boshlandi - Xon Birlashgan Qirollik aholisiga shunday murojaat bilan chiqdi: "Londonliklar va ulug‘ shahrimiz mehmonlariga ogohlantirish - xotirjam va hushyor bo‘ling. Siz bugun politsiyachilar, shu jumladan qurollangan xodimlarning ko‘payganini ko‘rishingiz mumkin. Bundan xavotirlanishga o‘rin yo‘q". 

Bir necha soatdan keyin Tramp Twitter'da Xonning so‘zlarini tanqid qilib chiqdi. "Teraktda kamida 7 kishi halok bo‘ldi, 48 nafari jarohatlandi, London meri esa "xavotirga o‘rin yo‘q" deydi-ya", - deb yozdi AQSh prezidenti. "Siyosiy jihatdan to‘g‘ri yo‘l tutish borasida qayg‘urishdan ko‘ra, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash bilan shug‘ullanish maqsadga muvofiqdir. Agar aqlni ishlatmasak, bundan-da battar bo‘lishi mumkin", - qo‘shimcha qildi Tramp boshqa bir tvitida. 

Dushanba kuni Oq uy rahbari Sodiq Xonning bayonotlarida "ayanchli bahonalar"ni ko‘rib, uni yana tanqid ostiga oldi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Xonni himoya qildi, Britaniya poytaxti meriyasi esa Xonning AQSh prezidenti tanqidlariga javob qaytarishdan-da muhimroq ishlari borligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Top