09:31 / 06.06.2017
9583

Saudiya Arabistoni qiroli Erdo‘g‘an bilan Qatar masalasini muhokama qildi

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul Aziz Al Saud Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashgani jarayonida yuz berdi, deb xabar qilgan Saudiyaning SPA yangiliklar agentligi.

Dushanba kuni Misr, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va BAA Qatar bilan diplomatik aloqalar uzilganini ma'lum qilishib, Dohani terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirishda ayblashdi. Liviyaning sharqiy qismi hukumati, Yaman, shuningdek, Maldiv va Mavrikiy ham keyinchalik Qatar bilan munosabatlar to‘xtatilganini ma'lum qilishdi. Turkiya TIV rahbari Mevlud Chavusho‘g‘lining ma'lum qilishicha, Anqara arab davlatlarining bunday qaroridan qayg‘uda va o‘zaro muloqot tarafdori bo‘lib qoladi.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, suhbat davomida “ikki tomonlama munosabatlar va ularni turli sohalarda rivojlantirish” haqida so‘z borgan. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni va Turkiya rahbarlari “Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatning rivojini muhokama etishdi”.

Mavzu
Fors ko‘rfazi inqirozi
Fors ko‘rfazida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, BAA, Yaman, Liviya va Maldiv boshqa bir arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Qatar Eronni va terrorizmni qo‘llagani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Barchasi
Top