22:58 / 07.06.2017
95234

Markaziy bankning yangi raisi haqida nimalarni bilamiz?

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga ko‘p yillardan beri rahbarlik qilib kelayotgan F.Mullajonov 23 may kuni to‘satdan vafot etgach, ushbu lavozim vakantligicha qolib kelayotgan edi.

6 iyundan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida yangi rais — Mamarizo Nurmurodov ish boshladi. So‘nggi 11 yil davomida Markaziy bank raisining maslahatchisi bo‘lib ishlagan senator Mamarizo Nurmurodovni bank boshqaruvi raisligiga tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev taklifi Senat tomonidan ma'qullandi.

Bank-moliya sohasida faoliyat yurituvchi kishilarning aytishicha, Nurmurodov yaxshi inson, eski va o‘rta avlodga mansub moliyachi. Bankir va iqtisodchilar uni bankir emas, ustoz, deb biladi. Chunki Nurmurodovning katta hayotdagi katta qadamlari mustaqillik boshida endigina tashkil etilgan Moliya institutidan boshlangan. 

Hali respublikada bozorga asoslangan iqtisodiyot ilmi bo‘lmagan bir davrda Moliya institutida butun bir maktabni yaratgan. Keyinchalik, balki uning nazariy va akademik bilimlari hisobga olinib, avval Markaziy bankning ilmiy tadqiqotlar markaziga ishga olingan, keyin ancha yillar Markaziy bank boshqaruvida bo‘lgan. 

Ko‘pchilik eslay olmasa kerak, 1993 yilda so‘m-kuponning muomalaga kiritilishi, 1994 yilda milliy valyuta — so‘mning joriy etilishiga bosh bo‘lgan islohotchilardan biri aynan Nurmurodov edi. Keyin yillar o‘tib Moliya vaziri bo‘lgan davrda uning boshchiligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan ma'lumu mashhur Memorandum tayyorlangan va so‘mning tarixda ilk marta erkin konvertatsiyalanishi yuz bergan. 

U yaqindagina tashkil etilgan import tarkibini inventarizatsiyalash bo‘yicha komissiyaga (xalq tilida konvertatsiyaga tayyorgarlik vazirligi) bejizga rahbar etib tayinlanmadi. Chunki barcha davrlarda, balki uning kuchli nazariyotchi ekani, qaror qabul qilish bozor mafkurasiga tayanishi hisobga olinib, eng og‘ir, eng «nomunosib» uchastkalarga mas'ul qilishgan. 

Shu paytgacha Nurmurodov o‘ziga yuklangan barcha vazifalarning hammasini uddalab kelgan, bunisini ham a'lo darajada uddalaydi, deb ishonch bilan aytish mumkin. Bank sohasida esa tub islohotlar, og‘ir, lekin zaruriy islohotlar o‘tkazilishi mumkin.

Mamarizo Nurmurodov shu kunga qadar Oliy Majlis Senatining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Shuningdek, 2004–2006 yillarda Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan.

 

Top