13:58 / 08.06.2017
10365

Angren shahrida avtomobillarni o‘g‘irlab yurgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyati IIB tomonidan joriy yil aprel oyidan shu kunga qadar o‘ndan ortiq avtomashinalardan turli ehtiyot qismlarini o‘g‘irlab kelgan guruh fosh etildi. Bu haqda viloyat IIBda bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida ma'lum qilindi.

Xususan, 2017 yil 2 may kunidan 3 mayga o‘tar kechasi 00-30 larda ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, Angren shahar 18/19-dahada qarovsiz qoldirilgan “Neksiya” rusumli avtomashinadan o‘g‘irlik jinoyatini sodir etayotgan 2 nafar noma'lum shaxslar voqea joyida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Olib borilgan tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni A.A. va L.T. sodir etganligi aniqlandi. 

Ular bilan o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida tanishlari A.O., Q.E. va voyaga yetmagan X.A. hamda J.B.lar bilan birgalikda Angren shahri hududida shu turdagi 11ta jinoyat sodir etilgani ma'lum bo‘ldi.   

Jumladan, 2017 yil 3 aprel kuni soat taxminan 23:00 larda Ohangaron tumanida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan L.T., 1998 yilda tug‘ilgan A.A., 1994 yilda tugilgan Q.E. va 1998 yilda tug‘ilgan A.O.lar oldindan jinoiy til biriktirib, Angren shahar Dukent qo‘rg‘oni 14-daha 21-uyning oldida qarovsiz holda qoldirilgan, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro B.N.ga tegishli «Neksiya» rusumli avtomashinasi eshigi, kopoti va yukxonasini g‘ayriqonuniy ravishda ochib, bahosi 450 ming so‘mlik akkumulyatori, umumiy bahosi 2 mln 4 yuz ming so‘mlik bir dona zaxira baloni va to‘rt dona avtomashinaga o‘rnatilgan holda turgan balonlarni yechib olib jinoyat joyidan yashiringan. 

Hozirgi vaqtda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top