09:56 / 08.06.2017
27875

Qatar mojarosiga kiberhujum sabab bo‘lgani tasdiqlandi

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, Qatar amiri nomidan mahalliy yangiliklar agentligi saytida joylashtirilgan va diplomatik mojaroga olib kelgan bayonot xakerlar tomonidan qo‘yilgan. Bu haqda Reyter agentligi Qatar TIVga asosan xabar berdi.

"Tergov guruhining tasdiqlashicha, noqonuniy harakatlar yuqori texnologiyalar va innovatsion uslublardan foydalangan holda Qatar yangiliklar agentligi saytidagi kamchilik orqali amalga oshirilgan", - deya Qatar TIV bayonotidan iqtibos keltiradi Reyter.

Vazirlik bayonotida kiberhujum ortida kim turganiga oydinlik kiritilmagan.

Qatar va uning qo‘shnilari o‘rtasidagi mojaro Ar-Riyoddagi Fors ko‘rfazi davlatlari va AQSh sammitidan bir hafta o‘tib ro‘y berdi. Qatar yangiliklar agentligi mamlakat amiri nomidan nutq joylashtirdi. Unda esa Eron bilan munosabatlarni yaxshilash fikri bayon etilgan. Keyinchalik Qatar TIV rasmiy vakili agentlik sayti buzib kirilgani va amir nomidan nutq xakerlar tomonidan e'lon qilingani hamda Qatar yetakchisiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi.

Biroq Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn bu raddiyani ishonchsiz, deb topishdi hamda Eron bilan munosabatlarni yaxshilash haqidagi so‘zlar aynan amirga tegishli ekanini iddao qilishmoqda. 

Mavzu
Fors ko‘rfazi inqirozi
Fors ko‘rfazida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, BAA, Yaman, Liviya va Maldiv boshqa bir arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Qatar Eronni va terrorizmni qo‘llagani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Barchasi
Top