15:03 / 08.06.2017
18431

Oliver Stoun nima uchun aynan Putin haqida film ishlaganiga izoh berdi

Amerikalik rejissyor Oliver Stoun Vladimir Putin haqidagi filmi orqali Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilgan. Bu haqda u Star Tribune nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi. 

Showtime kabel televideniyesi Stoun ikki yil davomida ishlagan "Putin bilan intervyu" hujjatli filmi namoyishini boshlaydi.

"AQSh uchun boshqa tomonning nuqtai nazarini tushunish juda muhimdir", - deydi rejissyor. 

"Men bundan keyingi munosabatlar yomonlashuvini oldini olishdan manfaatdorman", - qo‘shimcha qiladi u.

Shuningdek Stoundan o‘tgan hafta NBC jurnalisti Megin Kellining Rossiya prezidentidan olgan intervyusiga doir fikrini so‘rashdi. Deyarli barcha savollar Amerikadagi prezident saylovlariga go‘yoki "Rossiyaning aralashuvi" haqida bo‘lgan. O‘shanda Putin yana bir bor ayblovlarni asossiz deya inkor qildi.

"O‘ylashimcha, u Putin bilan bahslasha olmagan, unga munosib qarshilik ham qila olmagan, chunki u ko‘p narsalardan bexabar", - dedi Stoun va undan farqli o‘laroq, Rossiya prezidenti "gapirayotgan gapi nima haqida ekanini yaxshi bilgan". 

Rejissyor jurnalist ayolning intervyu uslubini "pulemyot"ga qiyosladi, bunda ko‘plab savollar ketma-ketligi nazarda tutilgan. 

"Men jurnalist emasman. Men film suratga olaman, mening yondashuvim boshqacha", - deya ta'kidladi rejissyor.

Ba'zi jurnalistlar Stounning hujjatli filmidan lavhalarni tomosha qilishga ulgurib, uni tanqid ham qilishdi. Amerikaning qator ommaviy axborot vositalari  muallifning Rossiya tarafdori ekani va Putinga bo‘lgan munosabatini qoralashdi. 

Rejissyor bundan avval ham bir necha bor amerikaliklarning tanqidiga uchragan. Bunga uning Ukrainadagi ziddiyatlar haqidagi filmi, shuningdek Kuba yetakchisi Fidel Kastro va Venesuela prezidenti Ugo Chaves bilan intervyulari sabab bo‘lgan.

Top