19:01 / 08.06.2017
22710

Terrorchilarning Tehron parlamentiga hujumi videosi paydo bo‘ldi

Livanning Al Mayadeen telekanali IShID terrorchilarining Eron poytaxti Tehrondagi parlament binosiga hujumi tasvirlangan videoni e'lon qildi.

Video parlament ichida o‘rnatilgan kameralar orqali yozilgan. Unda kishilar vahimada o‘z o‘rnilaridan qo‘zg‘alib, chiqish tomonga qarab yugurishlari, ulardan ba'zilarining yiqilib tushganini ko‘rish mumkin. Videoda tovush yo‘q.

Shundan so‘ng xonada qurollangan kishilar paydo bo‘ldi – niqobsiz uch erkak zalga birin-ketin kirib kelgan. Videoga ko‘ra, ular o‘t ochishgan – bir necha kishi polda harakatsiz yotganini ko‘rish mumkin.

Chorshanba, 7 iyun kuni Tehronda birdaniga ikkita terakt yuz berdi. To‘rt nafar shaxs parlament binosiga hujum qilishdi. Ulardan biri o‘zini portlatgan bo‘lsa, uch nafari islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlari tomonidan yo‘q qilindi.

Yarim soatdan so‘ng imom Xomeyni maqbarasiga hujum uyushtirildi. Hujumda uch nafar terrorchi ishtirok etdi – erkak maqbaraga tashrif buyurganlarga qarata o‘t ochib, bir necha kishini yaraladi, shundan so‘ng maxsus xizmatlar tomonidan yo‘q qilindi. Keyin xudkush ayol kishi portlovchi qurilmani harakatga keltirdi. Hujumning uchinchi ishtirokchisi qo‘lga olindi, biroq u o‘z joniga qasd qilgan. Hodisa joyidan portlamay qolgan qurilma topildi.

Ushbu ikki hujum vaqtida halok bo‘lganlarning umumiy soni 16 kishini tashkil etdi. Terrorchilar hujumidan yana 43 inson jabrlandi. IShID terrorchilik tashkiloti teraktlar uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Mavzuga oid
Top