Jahon | 09:50 / 09.06.2017
4375
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya TIV, IIV va moliya vazirlari parlamentga qayta saylandi

Foto:AFP 2016/ Fabrice Coffrini

Buyuk Britaniya TIV rahbari Boris Jonson navbatdan tashqari saylovlar natijalari bo‘yicha parlamentga qayta saylandi. U Londondagi Aksbrij hamda Janubiy Ruslip okruglarida g‘alaba qozongan.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Amber Radd ham parlamentga qayta saylandi.

Gasting va Ray okrugidagi saylov uchastkasida ovozlar qayta hisoblandi, sababi Radd hamda uning Leyboristlar partiyasidan bo‘lgan raqibi o‘rtasidagi farq ancha bahslarga sabab bo‘ldi.

Radd – bosh vazir va Konservativ partiyasi yetakchisi Tereza Meyning eng yaqin tarafdorlaridan biridir.

Shuningdek, Buyuk Britaniya kansleri (moliya vaziri) Filip Xammond ham saylovlar yakuni bo‘yicha parlamentdagi o‘rnini saqlab qoldi. U Sarrey grafligidagi Rannimad va Veybrij okrugidan qayta saylandi.

Sky News taxminiga ko‘ra, Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi parlamentga saylovlarda aksariyat o‘rinni ololmaydi. Kutilishicha, ular 315-321 o‘rinni olishadi, bu esa parlamentda hech bir siyosiy partiya yarimdan ko‘p o‘rinni egallamasligini anglatadi. Bunday holatda avvalgi hukumat yangisi shakllangunga qadar o‘z vakolatlarni saqlab qoladi.

Shu bilan birga, amaldagi bosh vazir va uning partiyasi bir o‘zi yoki boshqa partiyalar bilan hamkorlikda hukumatni shakllantira olishi ham aniqlanadi. Buyuk Britaniyada o‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra, aynan saylovlarga qadar hukmronlik qilgan partiya hukumatni shakllantirish bo‘yicha ilk harakatni amalga oshirishga haqli. 

Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri ham parlamentga qayta saylangani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid