10:30 / 09.06.2017
10559

Xorazmda firibgarlar ushlandi

Fuqaro Gulchehra O‘rozmetova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, jinoyatga qo‘l urdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bu kimsa Urganch shahrida yashovchi fuqaro S.Sharipovani Janubiy Koreya Respublikasiga ishlash uchun ketishiga yordam berishini aytib, mazkur jarayonda rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni Toshkent shahridagi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali to‘g‘irlab berishga va'da qiladi. Evaziga jabrlanuvchidan 15 ming AQSh dollari xizmat haqi berishini talab qiladi. S.Sharipovaning buncha pullar aslida nima uchun kerakligi borasidagi savoli G.O‘rozmetova tomonidan to‘qilgan turli uydirma va yolg‘onlar orqali xaspo‘shlanadi. Xullas, u qanday qilib bo‘lmasin, pullarni qo‘lga kiritishni maqsad qiladi.

G.O‘rozmetova o‘zining ayyorona rejasini amalga oshirishga o‘tadi. S.Sharipovaning ishlarini tezroq bitkazishini aytib, Toshkent shahriga borib kelish uchun 1 mln. 500 ming so‘m pul so‘raydi. Uning xatti-harakatlaridan shubhalangan S.Sharipova bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi. Mazkur ariza bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda G.O‘rozmetova ushbu pullarni olayotgan paytda SVOJJDLQK departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Yana bir holat. “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” Yangibozor tuman elektr ta'minoti bo‘limida 2014 yildan buyon nazoratchi bo‘lib ishlab kelgan S.Masharipov ham nafsiga qul bo‘lganlardan biri ekan.

U ish faoliyati davomida firibgarlik, pora berishga qiziqtirish, hujjatlarni qalbakilashtirish orqali noqonuniy yo‘llar bilan moddiy boylik orttirish maqsadida bir qator jinoyatlarga qo‘l urganligi ma'lum bo‘ldi. Jumladan, tumandagi “Uyg‘ur” qishlog‘ida yashovchi K.Olimovning yashash uyida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi uchun tuzilgan dalolatnoma bo‘yicha hisoblangan 1 mln. 100 ming so‘m qarzni yo‘q qilish evaziga 700 ming so‘m pul berishni talab qilib, undan o‘z xizmat xonasida 200 ming so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

“O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”, deganlaridek S.Masharipov yana o‘zini jinoyat ko‘chasiga urdi. Bu safar u tumanning “Boshqirshix” qishlog‘ida yashovchi Q.Jumaniyazovning elektr energiyasidan bo‘lgan 2 mln. 374 ming so‘m qarzini “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ mansabdor shaxslari orqali yo‘q qilib berishga va'da qiladi. Uning bu safargi jinoyati tegishli organlarning o‘z vaqtida ko‘rgan choralari tufayli amalga oshmadi. S.Masharipov mazkur qarzdorlikni yo‘q qilish evaziga 700 ming so‘m pullarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan paytida tezkor xodimlar tomonidan ushlandi.

Har ikkala holatda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatchilarga nisbatan sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.

 

Top