11:25 / 09.06.2017
9499

Qozog‘iston va Xitoy rahbarlari nimalarga kelishib oldi?

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston va Xitoy o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bir qator hujjatlarni imzolashdi.

Oqo‘rdada davlat rahbarlari Nursulton Nazarboyev va Si Jinping ishtirokida hujjatlar imzolangan. Shuningdek, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida hujjatlar imzolangan. Xususan, ikki davlat Qozog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilishini ta'minlovchi Xitoy-Qozog‘iston hamkorligi fondini alohida hollarda soliqdan ozod etish haqidagi kelishuv imzolangan.

"Bugungi muzokaralarda biz energetika, transport, qishloq xo‘jaligi sohasi, shuningdek, transchegaraviy suvlardan foydalanish, xavfsizlik tizimlaridagi hamkorlik hamda ilmiy-texnik sohalar, shuningdek kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildik", - degan Nursultan Nazarboyev shartnomalarni imzolash marosimi yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlari kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikka kelishishgan, Xorgos daryosida "Chukurbulak (Almali)" beton to‘g‘onini qurish, shuningdek, superkompyuter va laboratoriya jihozlari yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuvlarni imzolashgan.

"Bugun biz ko‘rgazmaga boramiz va birgalikda teleko‘prik ochamiz, unda hamkorlikning istiqbollari to‘g‘risida gaplashamiz. Ikki tomonlama integratsiyani yo‘lga qo‘yishda strategik tashabbuslar ikki davlat uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi. Bizning mamlakatimiz okeanlarga chiqa olmaydi, Xitoy orqali Tinch okeaniga chiqishimiz mumkin", - degan Nursultan Nazarboyev.  

Bundan avvalroq Qozog‘iston prezidenti qayd etgandiki, ikki davlat o‘rtasida hal qilinmaydigan masala yo‘q. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra Xitoy Qozog‘istonning iqtisodiy sohadagi asosiy hamkori hisoblanadi.

Bugun Qozog‘iston poytaxtida Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammiti ochiladi. Ostonaga tashkilot tarkibidagi davlatlar rahbarlari yetib kelishgan. Ostona sammitidagi asosiy voqea Hindiston va Pokistonning ShHTning to‘laqonli a'zolarga aylanishi bo‘lishi kutilmoqda. ShHT sammiti ishtirokchilari Ostonadagi EXPO-2017 ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurishadi, bu marosimda ishtirok etishini 17 davlat rahbarlari tasdiqlagan.

Mavzuga oid
Top