London politsiyasi shahar maydonlaridan birida pichoq bilan hujum qilish jinoyati yuz berganini ma'lum qildi. Bu haqda politsiyaga iqtibos keltirgan holda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
Huquq-tartibot idoralarining aytishicha, ushbu jinoyat terrorchilik bilan bog‘lanmagan. Ayni vaqtda bir gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Nashrning ma'lum qilishicha, hujumni mopedlarda harakatlanuvchi jinoyatchilar to‘dasi amalga oshirgan. Bu hujum metroning Rassel-Skver stansiyasi yonida sodir etilgan.
Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar va tez tibbiy yordam xodimlari pichoqdan tan jarohatlari olgan 25-30 yosh atrofidagi erkakni aniqlashgan. U Londonning markaziy shifoxonasiga yetkazilgan.
Londonda 4 iyunga o‘tar kechasi 3 nafar terrorchi avtomobilda London ko‘prigida odamlarni bosib ketgach, Boro bozoriga borib, u yerda odamlarga pichoq bilan hujum qilgan. Bu teraktlar oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, 48 kishi yaralangan.