Ostona shahrida “kelajakdagi energiya”ga bag‘ishlangan EKSPO-2017 xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Qozog‘iston sobiq ittifoq davlatlari orasida bunday ko‘rgazmani o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan ilk mamlakatga aylandi.

EKSPO-2017 10 iyun-10 sentabr kunlari mobaynida bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar “yashil energetika” sohasidagi eng yaxshi ishlanmalarni namoyish qilishga va'da berishgan. Ko‘rgazmada poyga elektromobili, quyoshli batareyalardagi samolyot, rassom-robotlar taqdim etiladi. 

 

Ko‘rgazmada 100 dan ortiq davlatlar ishtirok etishi, 3 mingga yaqin amaliy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kutilishicha, EKSPOga 2 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi, ularning taxminan 15 foizi xorijliklar bo‘ladi, birinchi navbatda – MDH davlatlari va Xitoy fuqarolari.

Tashkilotchilarning taxminicha, Ostonadagi Butunjahon ko‘rgazmasiga Yevrokomissiyaning energoittifoq bo‘yicha vitse-prezidenti Marosh Shefchovich, Xitoy yetakchisi Si Tszinpin va boshqa qator davlat rahbarlari tashrif buyuradi.

EKSPO – eng yangi ilmiy-texnik ixtirolarga bag‘ishlangan yirik xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, 1851 yildan beri o‘tkazib kelinadi va har yili alohida mavzuga bag‘ishlangan bo‘ladi.

Tayyorgarlik

Qozog‘iston Xalqaro ko‘rgazmalar byurosiga 1997 yildan beri a'zo va EKSPOda 2005 yildan qatnashib keladi.

Mamlakat rahbari Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonda xalqaro ko‘rgazma o‘tkazish niyati borligi haqida ilk bor 2008 yilda Ispaniyaning Saragosa shahrida bo‘lib o‘tgan EKSPOga tashrifi davomida aytib o‘tgandi.

2011 yilda mamlakat EKSPO-2017ni o‘tkazish uchun murojaat yubordi, hamda keyingi yilning noyabrida Xalqaro ko‘rgazmalar byurosining 152-Bosh assambleyasida Ostona ko‘pchilik ovozni olib, Belgiyaning Lej shahrini ortda qoldirdi va EKSPO-2017 o‘tkaziladigan joy, deb e'lon qilindi.

Butunjahon universal ko‘rgazmasidan farqli ravishda ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmadagi barcha inshootlar qabul qiluvchi tomon tarafidan quriladi.

Ko‘rgazma timsollari

EKSPO timsollariga kichik odamchalarning turli rangdagi shakllari aylandi: biri – Saule ismlisi (“yog‘du”) quyoshni anglatsa, ikkinchisi - Kuat ("kuch") – yer kuchini bildiradi, uchinchisi – Moldir esa ("shaffoflik") – toza havo va suvni gavdalantiradi.