08:39 / 10.06.2017
10726

WSJ: Rossiya va AQSh Suriya bo‘yicha maxfiy muzokaralar o‘tkazmoqda

Foto: Samer Bouidani ZUMAPRESS.com / Globallookpress

Rossiya va AQSh Suriya masalasi, jumladan mamlakat janubi-g‘arbida jangovar harakatlardan holi hududlarni yaratish bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib bormoqdalar. Bu haqda amerikalik mansabdor shaxslarga iqtibos keltirgan holda Wall Street Journal nashri xabar bermoqda

Nashrning ma'lum qilishicha, Vashington va Moskva bu masalalar bo‘yicha ikki marta yig‘ilish o‘tkazgan. Oxirgi marta ikki davlat vakillari ikki haftacha avval Iordaniyada uchrashishgan. Ta'kidlanishicha, bu haftada uchinchi uchrashuv bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan, biroq tomonlarning ishchi jadvallari mos kelmagani sababli qoldirilgan. Manbaning so‘zlaricha, maslahatlashuvlarning yangi raundi o‘tkaziladigan sana hali belgilanmagan.

Oq uy tomondan muzokaralarda AQSh prezidentining IShIDga qarshi kurash yuzasidan boshqa davlatlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha vakili Brett Makgurk va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Maykl Ratni ishtirok etmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, amerikaliklar Rossiya bilan IShIDni yakson qilish yo‘llari va bunga zarur mablag‘lar bo‘yicha maslahatlashishmoqda. Agar Suriya janubi-g‘arbida jangovar harakatlardan holi hududlarni yaratish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli kechsa, unda tomonlar muloqotni bunday hududlarni Suriyaning boshqa qismlarida ham yaratish maqsadida davom ettiradilar.

Top