17:30 / 11.06.2017
17950

Server Jyeparov: «Barchasi juda oddiy – qolgan o‘yinlarda g‘alaba qozonishimiz kerak»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Server Jyeparov Eronga qarshi o‘yin oldidan Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy saytiga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi JChga chiqish istagi bor ekanini yashirmagan.

«Barchasi juda oddiy – biz saralash bosqichidagi qolgan uch o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak, o‘shanda pley-off bosqichida o‘ynamaymiz va jahon chempionatiga avtomatik ravishda yo‘l olamiz. So‘nggi 8 yil davomida, ayniqsa, bundan avvalgi saralash bosqichida kuchli tarkib bilan harakat qildik. Bu men o‘ynagan eng kuchli avlod edi», – deya Jyeparovning so‘zlarini keltirgan O‘FF matbuot xizmati.

Server Jyeparov 34 yoshida JCh–2018 musobaqasiga chiqish orqali mamlakat qahramoni bo‘lish istagi haqida ham so‘zlagan.

«G‘alaba qozonish nafaqat men uchun, balki O‘zbekiston aholisi uchun motivatsiya bo‘lardi. Chunki mamlakat termasi jahon chempionatida ishtirok etmagan. 34 yoshimda JCh–2018 turniriga yo‘l olib, mamlakat qahramoniga aylanishni xohlardim», – degan futbolchi.

Jyeparov O‘zbekiston termasi 2014 yilgi mundialga chiqishga juda yaqin borgani va qo‘ldan boy berilgan imkoniyatdan keyin ketish haqida o‘ylaganini aytib o‘tdi.

«Biz yaxshi o‘ynagan edik va JCh–2014 turniriga chiqish uchun bitta gol kamlik qilgandi. Bundan afsusda edik. Janubiy Koreya termasi Eronga mag‘lub bo‘lganini eshitgach, qo‘ldan boy berilgan barcha imkoniyatlardan afsusga tushgandik. Men termadan ketishni va umuman futbol ko‘rmaslikni istagandim», – deb eslagan Server Jyeparov.

Ma'lumot uchun, Eron JCh–2018 saralash bosqichida 7ta o‘yin o‘tkazib, 5ta g‘alaba va 2ta durang qayd etdi. Karlush Keyrush shogirdlari birorta ham o‘yinda gol o‘tkazib yubormagan. Shunga qaramay, Server Jyeparov ertangi o‘yin oldidan ijoyib kayfiyatda ekanini aytdi. U O‘zbekiston 2012 yili Tehronda Eronni mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lganini keltirgan.

«Istalgan jamoa bilan o‘ynay olishimiz bizga ishonch beradi, hatto safar o‘yinlarida ham. Biz guruhdagi eng kuchli raqibni mag‘lubiyatga uchratish imkoniyatiga ishonamiz va aynan shu narsa bizda ishonch tug‘diradi. Raqibni mag‘lubiyatga uchratish uchun 100 foiz, hatto 120 foiz kuchimizni berishimiz kerak bo‘ladi. Barcha 11 futbolchi bir jamoa bo‘lib o‘ynashi talab qilinadi», – deydi Jyeparov.

Top