Dunyoning eng qudratli davlatlari atrof-muhitni, bu orqali iqlimni yaxshilash maqsadida o‘z byudjyetlari hisobida zarur-chora tadbirlar olib bormoqda. Bu borada ko‘p qiymatli loyihalar, dasturlar ishlab chiqilmoqda va hayotga tatbiq etilmoqda. Odamlarning tabiatga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgartirilmoqda, bu borada ichki madaniyat shakllantirilmoqda. Aytib o‘tish joizki, bu kabi jahon miqyosidagi islohotlarga O‘zbekiston ham qo‘shilib, o‘z doirasida harakatlanmoqda. Tabiatni asrash, obodonchilik orqali bu ishlarni yo‘lga qo‘yish davom etayotgan bir vaqtda go‘yoki osmondan tushgandek yoki ular boshqa sayyora, boshqa mamlakat odamlaridek ayrimlar hamon illatli ishlarini davom ettirishmoqda. “Dunyo va davr” gazetasi bosh muharriri Rahimjon Irisov va Namnews.uz axborot-tahliliy portali rahbari Anvar Ikramov muallifligi ostida tayyorlangan tahliliy maqolada ana shu illat haqida so‘z yuritilgan.

“Yaqindagina Namangan shahrida 57-an'anaviy gul bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. O‘ndan ortiq mamlakatlardan mehmonlar tashrif buyurishdi. Namanganning o‘ziga xos tabiati, gulsevar xalqi ardoqlandi. Aynan gul bayramining o‘ziga xosligi sabab Namangan shahrini ekoturistik zonaga aylantirish taklifi o‘rtaga tashlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 2 dekabr kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining ustuvor yo‘nalishlaridan birida - turizmning yangi salohiyatli turlari ziyorat qilish, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy turizmni jadal rivojlantirish, alohida band sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bu borada aynan Namangan shahrida ko‘p ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi.

Lekin shunday pallada uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan achinarli holat ko‘zga ko‘rinib qoladi. Shaharning tuni ayanchli ahvolda. Kun botishi bilan shaharning asosiy markaziy ko‘chalari hisoblangan – Navoiy, Boburshoh, Mashrab ko‘chalari bo‘ylariga tonnalab axlat chiqarib tashlanadi. Misol uchun Boburshoh va Navoiy ko‘chalarida bu holatni har 50-100 metrda uchratish mumkin bo‘lib qoldi.  Tunda axlatxonaga aylanib, ertalabgacha “komxozchi”lar tomonidan tozalab chiqiladigan shaharda qanday qilib turizmni rivojlantirish mumkin?