16:27 / 13.06.2017
6721

Ma'naviy qiyofani yo‘qotmang

Bugungi kunda vayronkor kuchga ega bo‘lgan pornografiyaning targ‘iboti  jinoyatga yetaklovchi kuch sifatida namoyon bo‘layotgani hech kimga sir emas. AQShning Yuta universiteti psixologi Viktor Klayn (Dr.Victor B.Cline)ning ta'kidlashicha, insonda pornografiyaga o‘rganish avval hissiyotlar, so‘ng ong xiralashuviga olib keladi va bu kabi bosqichlar jamiyatda zo‘ravonlik, shafqatsizlik kabi jinoyatlarning kelib chiqishiga bosh sababchi bo‘ladi. 

Xorijning kriminal dunyosida 5 nafar o‘g‘il bola o‘limiga aloqador jinoyatchi sifatida tanilgan Artur Gari Bishop ruhshunos bilan suhbati jarayonida “Pornografiya mening qulashimni belgilab berdi” degan edi. 28 nafar ayolning qotiliga aylangan Ted Bandi esa o‘z vaqtida pornografiyaga mukkasidan ketgan muxlis sifatida ta'riflangan.   

Jamiyatning pornografiyadek jirkanch illatiga qarshi kurashish maqsadida mamlakatimiz hududiga ushbu tavsif va tasvirli har qanday ko‘rinishdagi materiallarni olib kirish, namoyish qilish, ko‘paytirish, tarqatish taqiqlanadi. Bu harakatlarning tag zamiri eng avvalo yoshlarimizni turli yot illatlardan himoyalash, ularning hali to‘la shakllanmagan ruhiyatini sog‘lom saqlab qolishga qaratilgan.

Surxondaryo viloyatining chegara-bojxona komplekslari va postlari orqali o‘tayotgan ayrim yo‘lovchilar tomonidan ushbu turdagi qoidabuzarliklar hamon sodir etilayotgani, albatta, afsuslanarli.

Masalan, “Sariosiyo” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan xorijlik 20 yoshli N.Kibriyoning qo‘l yuklari orasidagi telefoni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning xotirasida 26 dona behayo mazmundagi roliklar mavjudligi aniqlandi. 

Kibriyo bu telefon uning shaxsiy mulki, unda saqlanayotgan ma'lumotlar to‘g‘risida o‘zi javobgar ekanligi, bundan tashqari O‘zbekistonda pornografik materiallar taqiqlanganligi haqida birinchi marta eshitayotganligini e'tirozli ohanglarda ta'kidladi. Ammo qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi.

Sud qaroriga ko‘ra N.Kibriyo O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, uning 1 million 200 ming so‘mga baholangan “Samsung Galaxy J3 Duos” rusumli  telefon apparatidagi behayo tasvirlar mutaxassis tomonidan tozalangach, davlat egaligiga o‘tkazilishi ko‘rsatildi.  

Ushbu mazmundagi 98 dona videoroliklarni o‘z telefonida saqlab kelayotgan hamyurtimiz B.Lochin “Moskva-Termiz” reysi bilan Surxondaryoga uchib kelganida, bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi. Telefon apparatidagi pornografik materiallar haqida so‘ralganda, B.Lochin bir muddat ilgari 2 ming Rossiya rubliga telefon sotib olganini  va ushbu telefon apparatidan shu vaqtga qadar o‘zi bilan bir qatorda boshqa tanishlari ham foydalanib kelganligini ta'kidladi.  

Uning loqaydligi qimmatga tushdi. “O‘ziga ehtiyot bo‘lmagan, qo‘shnisini o‘g‘ri tutgan” bu qoidabuzar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 130-moddasi 3-qismi alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Yana bir holatda Surxondaryo bojxona maskanlaridan tranzit tarzida o‘tayotgan chet el fuqarosi B.Temurning qo‘l yuklari soha xodimlari tomonidan tekshirilganda, ushbu yo‘lovchining telefon xotirasida 506 dona behayo videolavhalar boligi aniqlandi. 

Ushbu mazmundagi videolarning ko‘pligiga ko‘ra 42 yoshli “rekordchi”dan ushbu holatga aniqlik kiritish so‘ralganda, u qilmishidan uyaldimi yoki o‘zini allanechuk his qildimi, bojxonachilar qarshisida oyog‘i “yer chizib” qoldi. Bu qilmishini izohlashga hatto tayinli so‘z ham topa olmadi. Sud  qarori bilan tegishli jazoga tortilgan “uyalchang rekordchi”ning behayolikka yo‘g‘rilgan telefoni xotirasi tozalangandan so‘ng, davlat egaligiga o‘tkazilishi belgilandi. 

Yuqoridagi ma'lumotlar bilan tanishib chiqqach, ushbu mazmundagi turli axborotlarni Internetdan istalgancha yuklab olish na bojxona va na boshqa chegaralarga bo‘ysunmaydi, ularni O‘zbekiston hududida bo‘la turib ham, bemalol olish mumkin deyishingiz mumkin. Lekin, unutmang buning uchun ham milliy qonunchiligimizda qat'iy javobgarlik belgilangan!

Aslida, o‘zini zarracha bo‘lsa-da vijdonli, odob-axloqli deb biladigan kishilar uchun  bu kabi qat'iy qonun-qoidalarga ehtiyoj ham yo‘q. Ular or-nomus va sha'nini saqlab qolish uchun ham behayolik ko‘chasiga yo‘llamaydilar.

Yot tushunchalar, buzg‘unchi va vayronkor g‘oyalar, turfa yashirin tahdidlarga qarshi kurashishni muqaddas burch deb bilgan respublikamiz bojxonachilari esa bu yo‘lda hamisha sergak va hushyor ekanligini unutmasangiz bo‘lgani.

Gavhar Maxmudxonova
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi
axborot xizmati xodimi

Top