22:50 / 14.06.2017
9345

Andijon viloyati hokimi Shahrixonda xalq bilan muloqot o‘tkazdi

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili e'lon qilingach, dastlab hukumat darajasida virtual qabulxona orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish joriy qilindi. Oddiy fuqarolar taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan hamda yillar davomida yechimi paysalga solinayotgan muammolarni bartaraf etish mexanizmi yaratildi.

Hududlarda, xususan Andijon viloyatida xalq qabulxonalari (jami 17 ta) tashkil etilishi mazkur muloqotning ikkinchi bosqichini belgilab berdi. Endilikda esa bevosita joylarga chiqib, aholi bilan ishlash tartibi joriy qilinmoqda. Ya'ni muloqotlar murojaat qiluvchilarning xonadonlarida olib borilmoqda.

Shunga ko‘ra viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida 70 dan ziyod viloyat tashkiloti, idora va muassasa rahbarlari shahrixonliklar bilan uchrashdi. Muloqot avvalida viloyat rahbari barcha jabhalarda olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. Kommunal soha, mehnat va bandlik, yo‘lsozlik, uy-joy qurilishi, huquq-tartibot, sog‘liqni saqlash va ta'lim, ijtimoiy-ma'naviy sohalaridagi islohotlar barobarida bartaraf etilishi zarur bo‘lgan kamchiliklar ro‘y-rost tilga olindi. Ayni vaqtda fuqarolardan ham istak-intilish, harakat, tashabbus ko‘rsatib mehnat qilish payti kelganligi alohida qayd etildi. Bu haqda Kun.uz’ning Andijon viloyati muxbiri xabar bermoqda.

Aholi vakillarining muammolarini hal qilish uchun kelgan mutasaddilar bir necha soat davomida barcha murojaatlarni diqqat bilan o‘rgandilar. Ularning aksariyati joyida yechimini topdi.  Xususan, tuman sog‘liqni saqlash tizimi uchun 5 ta yangi “Damas” avtomashinasi hali muloqot tugamasdan keltirildi va tantanali ravishda qishloq oilaviy poliklinikalarga taqdim etildi. Aholi talabidan kelib chiqib suyultirilgan gaz ballonlari ham shu yerning o‘zida yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashrifi chog‘ida arzon narxlardagi yangi namunaviy loyihalar bo‘yicha yana 1000 ta uy qurish ko‘rsatmasi berilgandi. Zichlik borasida oldingi o‘rinlarda turuvchi  Shahrixon uchun mazkur muammoning dolzarbligi, Prezident ko‘rsatmasi ayni shu kabi fuqarolar manfaatlari yo‘lidagi ish ekanligi o‘z isbotini topdi.

- Oilada 12 jonmiz, - deydi Shahrixon shahrida istiqomat qiluvchi Minuraxon Nasirdinova. – 39 ga kirgan o‘g‘limni uylashim kerak. Arzon uylardan birini sotib olishga imkoniyatimiz bor. Bunday uylar, birinchi navbatda, aynan biz kabilarga berilishi kerak.

Kredit olish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, oilaviy biznesni rivojlantirish xususida ham ko‘plab murojaatlar qayd etildi. Bank mutasaddilari har bir murojaat yuzasidan batafsil ma'lumot va maslahatlar berdilar, zarur hujjatlar rasmiylashtirildi.

Mavzuga oid
Top