Jahon | 21:24 / 14.06.2017
54686
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti qizlaridan biriga eng yuqori martabalardan birini berdi

Foto: Dmitriy Azarov / «Kommersant'»

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 39 yoshli qizi Ozodaga davlat adliya maslahatchisi martabasini berdi. Bu lavozim adliya va prokuratura organlaridagi eng yuqori martaba hisoblanadi. Bu haqda 14 iyunda ma'lum qilindi.

Ma'lum qilinishicha, Ozoda Rahmonga bu martabaning berilishi haqidagi farmon 25 mayda imzolangan, biroq prezident saytida bu haqda hali hech qanday xabar berilmagan.

2016 yilda Ozoda Rahmon prezident ijroiya apparatining rahbari etib tayinlangandi. Ma'lum qilinishicha, bu lavozim bosh vazir birinchi o‘rinbosaridan bir pog‘ona pastroq lavozimni anglatadi. Davlat maslahatchisi martabasi Ozoda Rahmonning amaldagi lavozimiga qo‘shimcha vakolat bermaydi.

2017 yil mart oyida Ozoda Rahmon "Bi-bi-si" teleradiokompaniyasining talqini bo‘yicha dunyoning 100 nafar eng muvaffaqiyatli ayollari ro‘yxatiga kirgan. U 2011 yilda Tojikiston milliy universitetini tamomlagan va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2009 yildan favqulodda va muxtor elchi diplomatik darajasiga ega. 2004-2006 yillarda Vashingtonda tahsil olgan. Uning turmush o‘rtog‘i Tojikiston milliy banki raisi birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

Imomali Rahmonning yana bir qizi Ruhshona ham diplomatik xizmat bilan bog‘langan hamda 2016 yil noyabridan Tojikiston tashqi ishlar vazirligida xalqaro tashkilotlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimini egallab keladi.

Joriy yil aprelda Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li 29 yoshli Rustam Rahmon Dushanbe shahri hokimi etib tayinlangandi.

Imomali Rahmonning hammasi bo‘lib 7 qizi va 2 o‘g‘li bor.

Mavzuga oid