18:50 / 15.06.2017
24859

Biz nima uchun Eronga yutqazdik? Babayanning taktik xatolari

Futbolimiz bir narsaga yolchimagan — o‘yinlarni taktik jihatdan tahlil qilib beradigan mutaxassislarga. Balki bunday mutaxassislar bordur, lekin ular omma oldiga chiqib, yo hamkasbining noshud taktikasini fosh qilishdan andisha qiladi, yoki shunchaki cho‘chishadi.

Milliy terma jamoamiz necha yillardan beri mazmunsiz o‘yin ko‘rsatib keladi. Lekin birorta mutaxassis chiqib, videosharhlar, maqolalar, suhbatlar orqali jamoa o‘yinini tahlil qilib bermaydi. Jurnalistlar esa Babayan va uning shtabini qanchalik tanqid qilmasin, jamoasining nursiz o‘yinlarini muntazam gapirmasin, ular shunchaki «senlar futbolni tushunarmidinglar» qabilida kulib qo‘yishdan nariga o‘tishmaydi. Agar mutaxassislarimiz ham tahlil qila boshlashganida, balki terma jamoa shtabi o‘z xatolarini ertaroq tan olishni boshlagan bo‘larmidi?! 

Har safar bir xil xatolar, ortidan muxlislar va jurnalistlardan keskin tanqidlar. Lekin bunga reaksiya yo‘q. Guruhimizda qoniqarsiz o‘yin va natija ko‘rsatayotgan deyarli barcha terma jamoalar o‘z murabbiylarini o‘zgartirdi. Federatsiyamiz esa Babayan shtabiga oxirigacha imkon berishga qaror qildi. Xuddi hammasi binoyidek. Asosiy tarkib futbolchilarimiz JChga chiqish imkoniyatimiz yo‘qligiga o‘zini va boshqalarni ishontirib boryapti. Bu ularning murabbiylar shtabiga, ular tuzgan jamoaga ishonchsizligidan darak emasmi? Demak, ular ham jamoada ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini, tarkib va taktika to‘g‘ri tanlanmayotganini juda yaxshi bilishadi. Faqat baralla ayta olishmaydi. Xuddi shunday mutaxassislarimiz ham, mutasaddilar ham bilib turishipti. Ammo ular jim. 

Futbol mutaxassisi emasman. Bu sohada nazariy yoki amaliy bilimga ham ega emasman. Biroq bu — terma jamoamiz o‘yini noto‘g‘ri qurilayotgani, tarkib va uslubdagi xatolarni ko‘rishimga xalaqit qilmaydi. Oxirgi o‘yin misolida ularning ayrimlarini sanab o‘taman. Agar xato qilayotgan bo‘lsam, janob murabbiylar isbotlab berishsin bunday emasligini.

Eron bilan o‘yinda meni hayron qoldirgan birinchi holat — Sergeyevning chap qanotga qo‘yilishi bo‘ldi. To‘g‘ri, bu pozitsiya u uchun begona emas. Yaxshi o‘yin namoyish etib berishi ham mumkin edi. Deylik, murabbiylar uning himoyaga ham yordam bera olishi, jismoniy faolligini nazarda tutib asosiy tarkibda maydonga tushirishgandir. Eron qanotlarda kuchliligini hisobga olishgan. Shuning uchun Masharipov-Rashidov emas, himoyaga ko‘proq yordam bera oladigan Sergeyev-Shomurodov variantida to‘xtalingan. Ammo o‘yinning dastlabki daqiqalaridan to oxirigacha Sergeyevning maydonda olib qolinishi yuqoridagi farazlarimni yo‘qqa chiqarib yubordi. Igorning o‘yinini alohida kuzatdim va u maydonda nima qilayotganini tushuna olgani ham yo‘q ko‘p holatlarda. Uning chap qanotni shunchaki egallab turishi Shomurodovning bu qanotda samaraliroq o‘ynashi faktoriniyam yo‘qqa chiqarib yubordi. Bu — bir emas, birato‘la ikki futbolchimizni «o‘yindan chiqib» qolganini anglatadi. Jiddiy nuqson bu. 

Ikkinchi holat — Andreyevga munosib o‘rinbosar olib ketilmagani. Stanislav to‘pga teginishga ulgurmay, jiddiy jarohat orttirib oldi. Babayan qanday qaror chiqardi? O‘ng qanot himoyachimizni chapga olib (!), o‘ng qanotga futbolchi tushirdi. Akmal Shorahmedovning ustunligi nimada? Qanotdan hujumga qo‘shilish va o‘ng (!) oyog‘ida jarima maydoniga xavfli to‘p uzatmani amalga oshirish. Shu xolos. Babayan yuqoridagi qarori bilan Akmalni yagona ustunligidan ham mahrum qilib qo‘ydi. Buni o‘yin davomida ko‘rdik — Shorahmedov chap qanotdan ham bir necha bor yurish qildi, ammo jarimaga to‘pni oshirib berishda chap (!) oyog‘idan foydalanishga majbur bo‘ldi. Besh-olti to‘p oshirishining hammasi o‘ta xato ketdi. Uning ustun sanalgan o‘ng oyog‘ini Babayan bir qaror bilan «kesib» tashladi. Davron Hoshimov ko‘rsatgan hunarlarni esa gapirib o‘tirish shart emas. Yana ikki tomonlama xato. Bunday pala-partish joy almashishlar terma jamoa o‘yinida aniq bir mexanizm yo‘qligidan dalolat.

Uchinchi holat — Aziz Haydarovning maydonda qolgani. Keyrush terma jamoamizga qarshi tezkor qanotlar va uzun to‘p oshirishlardan foydalanishga qaror qilgani o‘yin boshidanoq oydinlashib qoldi. Bu holatda maydon markazida uchta tayanch yarim himoyachisi bilan o‘ynashimiz to‘g‘ri qarormi? Odatda uch tayanch yarim himoyachi ko‘proq qisqa paslar orqali kombinatsion o‘yin ko‘rsatadigan jamoalarga qarshi qo‘llaniladi. Maqsad — maydon markazida raqib hujumini rivojlantirishiga to‘sqinlik qilish. 

Qanotlar va hujum chizig‘iga uzun to‘p uzatishlari orqali hujum tashkil etadigan jamoaga qarshi uch nafar «opornik» nimaga kerak? Raqib to‘pni bu zonada ushlab turgani yo‘qku?

O‘yin vaqti e'tibor bermagan bo‘lsangiz, qaytadan ko‘ring — Aziz Haydarov deyarli ishsiz yurdi butun o‘yin davomida. Bu zonada «buzg‘unchi» rolini bajarishga Afoninning o‘zi yetarli bo‘ldi. Odil esa ko‘proq hujumni rivojlantirishga mas'ul bo‘ldi. Aziz esa — g‘irt ortiqchalik qildi bu nuqtaga. Bitta kam bo‘lib o‘ynashdan farqsiz holat.

To‘rtinchisi — futbolchilarning almashtirilishi. Davron Hoshimovning tushirilishi qanchalik taktik xatolarni keltirib chiqarganini izohlab o‘tdik. Keyingi o‘zgartirishlar ham bundan kam bo‘lmadi. O‘yinga nisbatan yaxshiroq moslashib olgan va faolroq bo‘lgan Afoninning olinib, maydonda «o‘zini topa olmagan» Haydarovning qoldirilishi; Eron himoyachilariga tashvish tug‘dirib turgan yagona o‘yinchi - Temurxo‘ja Abduxoliqovning almashtirilib, maydonda «mavjud bo‘lmagan» Igor Sergeyevga oxirigacha ishonch bildirilishi mutlaqo tushunarsiz holat...

Bular shunchaki bir qarashda ko‘zga qadalgan sezilarli xatolar. Bularning ortida bir qancha kichik detallar ham bor. Bunday hal qiluvchi o‘yinlar taqdirini o‘sha kichik detallar hal qilib qo‘yadi aslida. Bizni murabbiylar esa botmonday-botmonday qilib «o‘tirib qo‘yishdi». Keyrush darajasidagi murabbiy uchun «bolalar sovg‘asi»dan bo‘lak narsa emas bu.

Xullas, Eron bilan bahsga kirishishimizdan avvaloq taktik xatolarga yo‘l qo‘ydik. Murabbiylarimiz bu xatolarini o‘yin davomida tuzatish o‘rniga, boshqa xatolar bilan vaziyatni og‘irlashtirdi.

Birinchi marta shunday holga tushayotgan bo‘lsak ham ko‘z yumish mumkin edi. Biroq bu degradatsiya uzoq vaqtdan beri davom etib kelyapti. Eng yomoni — buni futbolchilarimiz ham ko‘rib, bilib turishibdi. Ulardagi ishonchsizlik, buning ortidan befarqlik ortib boryapti.

Babayan shtabi tayanadigan uslubni hatto men ham izohlab bera olaman. Bu unchalik murakkab sxema emas. O‘yinning boshlarida imkon qadar raqib o‘yinini o‘ldirish, bahs oxirlarida Odil Ahmedovni tayanchdan hujum ortiga chiqarish, nisbatan toliqqan raqibga individual ustunlik (Odil, Geynrix, Rashidov) bilan zarba berish. Deyarli shu.

Endi raqiblarning kuchli mutaxassislari qay darajada o‘zlashtirib, qarshi chora qo‘llashini tasavvur qilavering.

Samvel Babayanning shaxsiyu, tarkibni shakllantirish borasidagi yondashuvlari meni mutlaqo qiziqtirmaydi. Tarkibni tanlash imkoniyati uning ixtiyorida. Bunga haqqi bor. Istagan o‘yinchisini tarkibga qo‘shsin, ammo terma jamoa bundan jabr tortmasin. U terma jamoada barqaror, kuchli o‘yinni tashkil eta olmadi. Shu eng katta xatosi.

Nega shuncha xatolarni ko‘ra-bila turib, murabbiylar shtabiga yana imkon beramiz? Xitoy chidolmadi, Qatarning sabri to‘ldi, Koreya yorildi — bari murabbiylarini almashtirishdi, biz esa chidashga majburmiz.

Bo‘ldi. Shu yerda to‘xtayman. So‘nggi so‘zim: Xitoy va Koreyani yutsak, Jahon chempionatiga chiqamiz. Milliardlab auditoriya nazariga tushamiz. Birinchi marta. Juda yaqin yo‘l. Futbolimizning anchagina saviyali avlodi uchun oxirgi imkoniyat bu! Yangi tarixni yaratish uchun mutasaddilarimizga zo‘r imkoniyat bu! Shunday imkoniyatni boy berish sizga alam qilmaydimi?

Lutfullo Tursunov.

Top