Google’dagi o‘zbek muhandisi Nodir To‘raqulov haqida
Nodir To‘raqulov – GoogleInc.dagi pasportining “millati” deyilgan satrida “o‘zbek” deb yozilgan dastlabki xodimlardan biri. U to‘sqinliklar, cheklovlar, to‘g‘anoq bo‘luvchi omillar kabi tushunchalarning havoyi gaplar ekanligini isbotladi. Qanchalik siyqasi chiqqan bo‘lmasin, haqiqat shu: iloji yo‘q ishning o‘zi yo‘q. Faqat maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, intilish va olg‘a qadam bosish kerak, deb yozadi Kommersant.uz.
– 1987 yilda Toshkentda, olimlar oilasida tug‘ilganman. Ota-onam Yadro fizikasi institutida ishlar edilar. Buvam va buvim ham ilm ahllaridan bo‘lishgan, xususan, dadam tomonidan bobom O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lganlar.
Bolaligimda ko‘chada sang‘ishdan ko‘ra uyda, konstruktor o‘yinini o‘ynab yoki kitoblar o‘qib o‘tirishni afzal bilardim. O‘sha paytlardayoq kompyuterga qiziqdim. Yangi videoo‘yinlar yuklagani kompyuterning quvvati yetmay qolganda Windows’ni o‘rganishga to‘g‘ri keldi.
– IT-sohaga qiziqish qachon paydo bo‘lgan?
– 50-maktabning yuqori sinfida o‘qiyotganimda fizika-matematika yo‘nalishini tanladim. Yettinchi sinfda Pascal tilida dasturlash bo‘yicha darslar boshlandi. Birinchi chorakda men dasturlash nimaligini yaxshi tushunmasdim va, natijada, uch baho oldim. Lekin ikkinchi chorakdagi darslarning birida ko‘zim yarq etib ochilgandek bo‘ldi, berilgan vazifani qanday yechishni topa oldim. Vazifani uddalagach, bu ish qiziqarli ko‘rindi va yana qo‘shimcha vazifalar so‘radim, ularning barchasini yechdim. O‘sha kun hamon yodimdan chiqmaydi.
O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakultetidagi dasturlash darslarida men allaqachon bilgan mavzularni o‘tardik. Birinchi kursda edik, bir kuni men o‘qituvchi doskaga yozgan dasturdagi xatoni topdim. U, agar so‘zimni isbotlay olsam, mashg‘ulotlardan ozod etishini aytdi. O‘sha darsdan keyin informatika mashg‘ulotlariga qatnamadim.
Oxirgi ikki yilda ayniqsa ko‘p dars qoldirgandim. Ikkinchi kursdan men dasturlash bo‘yicha xalqaro olimpiada (ACM ICPC)da qatnasha boshladim va unga tayyorgarlik ko‘rish menga birinchi semestrlarga qatnamaslik huquqini beradi, deb o‘ylardim.
– AQShda ish boshlaguningizcha O‘zbekistonda nimalar bilan shug‘ullangansiz?
– 2006–2008 yillarda NetDec kompaniyasida dasturchi bo‘lib ishladim. Birinchi yil biz 1Sda buxgalterlik ilovasini ishlab chiqdik. Ikkinchi yili men C#da 1S loyihasini boshladim, uni UZTO deb nomlagandik. Keyinchalik NetDec ushbu platformada bir qancha ilovalar yaratdi.
2008 yilda – o‘shanda universitetni yakunlayotgandim – tijoriy-dasturiy komponentlar bozoridagi yetakchilardan biri bo‘lgan ComponentOne kompaniyasining kanadalik ishchisi men bilan bog‘landi. Ushbu kompaniyaga kontrakt asosida dasturchi bo‘lib o‘tishga qaror qildim va 2012 yilgacha masofadan turib ishladim.
– Google`da ishlash g‘oyasi qanday tug‘ildi?
– 2013 yilda men ComponentOnedagi faoliyatim sababli AQShda istiqomat qilardim. Google xodimi LinkedIn orqali men bilan bog‘landi. Menga bo‘lgan qiziqish sababi esa, rezyumeimda o‘sha, talabalik davrimdagi ACM ICPC olimpiadasida O‘rta Osiyo miqyosida uchinchi o‘rin olganim yozilgani edi.
– Google ishga qabul qilishdagi masofadan suhbat o‘tkazishi bilan mashhur. Bu haqda kino ham olinganini o‘quvchilarimiz bilishadi. Siz bilan suhbat qanday o‘tgan? Ishga olishdagi vazifalar, topshiriqlar haqida so‘zlab bersangiz.
– Oldin Google muhandislari telefonda suhbat o‘tkazadilar, bu bosqichda ofisdagi suhbatga (on-site) chaqirilmaydiganlar aniq bo‘ladi. Nomzod va intervyu oluvchi GoogleDocs`da real-time rejimida hujjat ochadilar. Google xodimi olimpiada masalalari darajasidagi vazifani beradi, nomzod esa, telefondagi suhbat davomida, kod yozadi. Xodim kodni kuzatib boradi va o‘sha joyning o‘zida tekshiradi. Intervyu 45 daqiqa davom etadi, dastlabki va oxirgi 5 daqiqa tanishuvga, norasmiy suhbatga va nomzod beradigan savollarga ajratiladi. Vazifalar ketma-ket beriladi, qancha vazifa berilishi masalani yechish tezligiga bog‘liq. Bu bosqichda sodda algoritmik vazifalar beriladi. Mana shunday vazifalardan birida men dastlab “donolik” qilib, vazifa dinamik dasturlashga oid deb hisoblagandim, lekin aslida sodda vazifa bo‘lib chiqdi. O‘shanda men binar shajarani aylanib o‘tish, satrda izlash va bog‘liq ro‘yxatga oid uchta vazifani yechgandim.
– Shu bilan ish bitmasa kerak? Ishga qabul qilish jarayoni qanday kechadi?
– Dastlab rekruter bilan aloqa o‘rnatiladi (buning uchun rezyume jo‘natishingiz mumkin). U ish tajribangiz haqida so‘raydi, savollaringizga javob beradi. Uning o‘zi siz bilan bog‘langan bo‘lsa, Google`ning qaysi bo‘limi sizga qiziqishi mumkinligini aytadi. Keyin telefondagi suhbat bosqichi keladi, uni, yuqorida aytganimdek, kompaniya muhandisi o‘tkazadi.
Bir haftacha vaqt o‘tgach, rekruter qo‘ng‘iroq qilib, natijalar haqida xabar beradi. Javob uch xil bo‘lishi mumkin: rad javobi, telefonda takroriy intervyu yoki bevosita ofisga taklif.
Shundan so‘ng ofisda o‘tadigan ikkinchi intervyu vaqti belgilanadi. Unda siz tanlagan tilda suhbat o‘tkaza oladigan beshta muhandis tayinlanadi. Kompaniya siz uchun aviachipta xarid qiladi, mehmonxonani band qiladi va mashina ajratadi.
Intervyudan bir kun oldin yetib kelasiz. Ertasiga har biri 45 daqiqadan ketma-ket uch raundda turli muhandislar bilan suhbatlashasiz, tushlikdan keyin yana ikki raund o‘tkaziladi. Har bir raund – xuddi telefonda bo‘lganidek intervyu, faqat bu gal kodlar doskada yoziladi va vazifalar ham murakkabroq bo‘ladi.
Nomzod haqida beshta hisobot tayyor bo‘lgach, ishga qabul qilish bo‘yicha qo‘mita sizni ishga olish-olmaslik, qanday lavozim berish, maosh, bonus va opsionlar kabi masalalar yuzasidan qaror qabul qiladi. Shundan keyin rekruter telefon orqali sizni xabardor qiladi.
– Rad javobi olinganda nima bo‘lishi ma'lum. Omad qushi qo‘nganlarni nimalar kutadi?
– Agar taklifni qabul qilsangiz, ishni qachon boshlashingiz va ba'zi rasmiyatchilik masalalari muhokama etiladi. Masalan, rekruter sizni immigratsiya jamoasi bilan bog‘laydi.
Immigratsiya jamoasi sizga savolnoma yuboradi, sizning nomingizdan hujjatlarni tegishli idoralarga topshiradi, jumladan, AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) arizangizni jadal tarzda ko‘rib chiqishi uchun 1000 dollar atrofida to‘lovni amalga oshiradi. Arizangiz tasdiqlangach, AQSh elchixonasida suhbatdan o‘tasiz va ishchi vizasini olasiz.
– Siz ishga taklifni olganingizda Pittsburgda yashardingiz, yangi ish joyingizga ko‘chib o‘tishingiz qanday bo‘lgan?
– Immigratsiya jamoasidan tashqari, rekruter sizni ko‘chish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bilan bog‘laydi. AQShning bir shtatidan boshqasiga ko‘chib o‘tgandagi o‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, kompaniya so‘rovnoma yo‘llaydi – unda oila a'zolari soni, uyingiz o‘lchamlari, qancha mebelni tashish kerakligi kabilar so‘ralgan bo‘ladi. Butun oilangiz uchun aviachipta xarid qiladilar, mol-mulkingizni yetkazib berishni zimmalariga oladilar. Shuningdek, yangi uy topishga ko‘maklashuvchi odamni yollashlari ham mumkin. To o‘zingizga uy topguningizga qadar esa, kompaniya siz uchun 1–3 oyga xonadonni ijaraga oladi, men ham bu imkoniyatdan foydalanganman (Kupertinoda yashagandim). Bundan tashqari, kundalik xarajatlarni qoplash uchun muayyan mablag‘ ham beriladi.
– Yangi ish joyingizdagi dastlabki kunlar qanday o‘tgan? Sinov muddati, degandek tushunchalar bormi?
– Google`da birinchi ish kuni doim dushanba bo‘ladi. Barcha yangi kelganlar beyjik olib, katta zalga yig‘iladilar. U yerda ishga kirganliklari bilan tabriklashadi, leptoplar va boshqa korporativ jihozlar tarqatishadi, asosiy texnik va boshqa tushunchalarni berishadi. Darvoqe, birinchi ish kunida o‘yin-kulgiga ham vaqt topiladi: bizni bir necha guruhga bo‘ldilar, kampus bo‘ylab yugurib, kvest o‘ynadik, keyin Lego`dan kim balandroq minora qurishga musobaqalashdik. Kun oxirida, xuddi maktabdagi birinchi qo‘ng‘iroqdagi kabi, har birimizni menejyerlar ofislarga olib bordilar, yangi jamoa bilan tanitib, ish o‘rnimizni ko‘rsatdilar.
Keyin ikki hafta davomida Google`ning ichki texnologiyalarini – Piper talqinlarini saqlash tizimi, Borg klasterlarni boshqarish tizimi, MapReduce kabilarni o‘rgandik.
Birinchi payshanbada, 16:30da yangi kelganlar kattagina Charlie’s kafesida to‘planadilar – u yerdagi tadbirda Larri Peydj va Sergey Brin qatnashadi hamda hafta davomida qanday yangiliklar ro‘y berganligini so‘zlab beradilar, keyin jamoalardan biri ma'ruza qiladi.
– Siz qaysi bo‘limda ishlaysiz? Asosan qanday loyihalar bilan shug‘ullanasiz?
– Men Chrome Operations / Platforms bo‘limida Senior Software Engineer lavozimida ishlayman. Majburiyatlarimga yirik vazifalar yechimi, dizayni va amalga oshirilishi kiradi, u talablar, rejalashtirish, yozish va kodni sinashni, shuningdek bu loyiha doirasida boshqa xodimlarga rahbarlik qilishni o‘z ichiga oladi.
Asosan Chrome brauzeri dasturchilari foydalanadigan Continuous Integration tizimi va unga bog‘liq bo‘lgan V8, WebRTC kabi loyihalar ustida ishlayman.
– Ish tartibingiz qanday?
– Ishlash tartibini har kim o‘zi uchun belgilaydi. Ertalab 8:37da Google`ning Wi-Fi o‘rnatilgan avtobusiga chiqaman va leptopda ishlashni boshlayman. Yaqinda o‘g‘lim tug‘ildi, shu sababli uyga vaqtliroq qaytishga harakat qilaman. Umuman olganda, ish tartibini hech kim nazorat qilmaydi, chunki xodim ishlagan vaqtiga qarab emas, balki samaradorligiga qarab baholanadi.
– Ishni samaraliroq tashkil etish maqsadida o‘zingiz uchun belgilab olgan kun tartibingiz bormi?
– Tom ma'nodagi kun tartibim yo‘q, lekin bir necha qoidalarga amal qilaman: joriy vazifaga e'tibor qaratib, arzimas ishlarga chalg‘imaslikka intilaman. Shu sabab, ijtimoiy tarmoqlarga kamroq vaqt ajrata boshladim.
– Sir bo‘lmasa, Google`da maoshlar qanday?
– Aniq raqamlar – bu sir. Daromad maosh, bonus va opsionlardan iborat bo‘ladi. Bonus – bu muayyan lavozim bo‘yicha o‘rtacha maoshdan foiz bo‘lib, yilda bir marta to‘lanadi. Optsionlar – bu GOOG va GOOGL aksiyalari bo‘lib, ularga vaqt o‘tgan sayin egalik qilasiz. Agar yaxshi ishlasangiz, bazaviy maosh yilda bir marta oshiriladi va yangi opsionlar taynlanadi. Agar lavozimingiz ko‘tarilsa, daromadning barcha komponentlari, jumladan bonus ham ortadi.
– Google`dagi faoliyatingiz sizni nimalarga o‘rgatdi?
– Ko‘p narsalarga. Jamoada ishlash madaniyati va bir-birining kodini tekshirish (codereview)ni, veb-ilovalar monitoringi madaniyatini o‘rgandim. O‘y-fikrlar emas, ma'lumotlar asosida qarorlar qabul qilishni o‘rgandim, taqsimlangan ilovalar tamoyillari, dizayni va yozilishini o‘zlashtirdim. Axborot xavfsizligi haqida ko‘p narsalarni bilib oldim.
– Bir qancha mashhur nashrlarda Google, Facebook, Apple kabi gigant kompaniyalar ofislaridagi muhitni yorituvchi maqolalar berilgach, ko‘pchilik bu kompaniyalar xodimlari jannatmisol sharoitlarda ishlaydi, deb tasavvur qiladi. Asl manzara qanday? Ish jarayonida biror murakkabliklar ham bormi?
– Men boshida biroz qiynaldim, chunki dasturlash sohasidagi malakam endi hamkasblarimnikidan ajralib turmasdi. Yangi muhitga ko‘nikish ham vaqt talab qildi.
Kichik yoki o‘rtacha kompaniyadan chiqqan odam uchun bu yerda kodni yozgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri repozitoriyga joylab bo‘lmasligi g‘alati tuyulsa kerak. Google`da har qanday o‘zgarishlar hamkasblarning tekshiruvidan o‘tishi kerak va bu tekshiruv, xodimning vaqtiga qarab, bir kunga cho‘zilishi mumkin. Tekshiruv natijasida nimadir xato topilsa, uni to‘g‘rilaysiz va bu to barcha kamchiliklarni bartaraf etmaguningizcha, talab darajasidagi yechimni taqdim qilmaguningizcha davom etadi. Shunday ekan, kodning birinchi talqinini yozganingizdan to u repozitoriyga tushgunicha bir hafta vaqt o‘tishi mumkin. Bu ayniqsa kodni yozish qonun-qoidalarini to‘liq tushunib yetmagan yangi xodimlarda kuzatiladi. Tajriba oshgani sayin hammasi joy-joyiga tushib ketadi.
– Google`dagi eng qattiq, balki g‘ayritabiiy qoidalar haqida so‘zlab bera olasizmi?
– Eng qattiq qoidalar, menimcha, xavfsizlikka bog‘liq. Konfedentsial axborot, foydalanuvchilar shaxsiy ma'lumotlari, ichki tarmoq xavfsizligiga qattiq turiladi. Axborot chiqib ketmasligiga bizda juda jiddiy qaraladi.
– Boshqaruv tizimi qanday tuzilgan?
– Kompaniyada menejment iyerarxiyasi mavjud: mening tepamda menejyerim bor, uning ham menejyeri bor va shu tariqa to CEO Sundara Pichaiga borib taqaladi. Lekin menejment amalda mutlaqo sezilmaydi, masalan, mikromenejment taqiqlangan. Yig‘ilishlarda muhandislar va menejyerlar oldinga qo‘yilgan vazifalarni muhokama qiladilar, keyin u yoki bu muhandis uni hal etishni o‘z zimmasiga oladi.
Menejyerning vazifasi kim nima ish qilishini ko‘rsatib berish emas, balki jamoaning ishini tashkil etish, uni maksimal darajada samarali qilishdan iborat. Har kim o‘z menejyeri bilan bir-ikki haftada bir marta yuzma-yuz uchrashadi, unda istalgan mavzuda muhokamalar olib boriladi.
– Fikringizcha, O‘zbekiston IT-sohasini yuksaltirish uchun birinchi navbatda nimani o‘zlashtirish lozim?
– Bunday keng qamrovli savolga shunga yarasha umumiy javob beraman: IT-ta'limni rivojlantirish va yoshlarni ruhlantirish zarur.
– Bu sohaga qiziqishi bo‘lgan, biroq o‘z kuchlariga ishonmayotgan o‘zbekistonlik yosh dasturchilarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– O‘z kuchini past baholamaslik lozim. Agar kod yozish sizga yoqsa, bu ishni davom ettiring va mavjud texnologiyalarni o‘rganing. Masalan, open-source loyihalarni yaxshilashga urinib ko‘rish mumkin. Ish hammaga yetadi.
Mavzuga oid
22:19 / 14.11.2024
Googleʼning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi
23:48 / 06.11.2024
Android 16 operatsion tizimi har doimgidan ertaroq chiqariladi
22:10 / 03.11.2024
Google tasodifan Ukrainadagi harbiy obektlarning xaritalarini oshkor qildi
20:32 / 30.10.2024